«G‘o‘dayib emas, og‘zingdan bol tomib gaplash»: Erkinjon Turdimov Sirdaryodagi amaldorlarni ayamadi

«G‘o‘dayib emas, og‘zingdan bol tomib gaplash»: Erkinjon Turdimov Sirdaryodagi amaldorlarni ayamadi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimidagi kamchiliklarni keskin tanqid qilib, amaldorlarni aholi bilan samimiy va hurmat asosida muloqot qilishga chaqirdi.
  • «Sirdaryo xalq nazorati» platformasiga 20 kunda 6 040 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning aksariyati bandlik va uy-joy kommunal xizmatlar masalalariga to‘g‘ri keladi.

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov viloyatdagi davlat xizmatchilari, tashkilot rahbarlari hamda mahalla yettiligi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan muhokamada fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimini keskin tanqid ostiga oldi. Viloyat rahbari amaldorlarni manmanlikni yig‘ishtirib, aholi bilan samimiy va hurmat asosida muloqot qilishga chaqirdi.

«Hamma o‘ziga bir savol bersin: Vazifam nimadan iborat? Bilib qo‘yinglar, hammamizning vazifamiz bitta — xalqqa xizmat qilish, xalqning muammosini yechib berish! Boshqa darding yo‘q. Jamiyatga xizmat qilish — bizning oyligimizning asosi. Agar sen fuqaroni eshitmaydigan, uning muammosini hal qilmaydigan bo‘lsang, sening nima keraging bor?» — deya ta’kidladi Erkinjon Turdimov.

«Xalq nazorati»da 20 kun: Raqamlar va eng og‘riqli sohalar

Viloyatda 20 kun avval ishga tushirilgan «Sirdaryo xalq nazorati» elektron platformasiga qisqa muddat ichida jami 6 040 ta murojaat kelib tushgan. Aholini eng ko‘p qiynayotgan masalalar quyidagicha taqsimlandi:

  • Bandlik va kambag‘allik: 2 994 ta murojaat (jami shikoyatlarning qariyb yarmi);

  • Uy-joy va kommunal xizmatlar: 1 000 dan ortiq murojaat;

  • Ijtimoiy himoya masalalari: 450 ta murojaat.

Biroq muhokamada asosiy e’tibor raqamlarga emas, balki murojaatlarning ijrosi sun’iy ravishda paysalga solinayotganiga qaratildi.

Qaysi hudud va sohalarda murojaatlar kechikmoqda?

Hududlar va tashkilotlar kesimida muddati o‘tib ketgan murojaatlar bo‘yicha jiddiy kamchiliklar aniqlandi:

  • Hududlar kesimida: Viloyat tashkilotlarida — 187 ta, Boyovut tumanida — 108 ta, Yangiyer shahrida — 74 ta, Mirzaobod tumanida — 63 ta murojaatning ko‘rib chiqish muddati buzilgan;

  • Ayrim ijrochilardagi antirekordlar:

    • «Toza hudud» korxonasida kelib tushgan 116 ta murojaatning 68 tasi muddatidan o‘tgan;

    • Boyovut tumani bandlik bo‘limida 43 ta murojaatdan 36 tasi kechikkan;

    • Sardoba tumani kadastr bo‘limida esa ijroda bo‘lgan barcha 25 ta murojaat (100%) muddatida ko‘rilmagan.

«Muammoni ko‘rmasa, ko‘zi ko‘r-ku uning»: Mahalla mas’ullari nega jim?

Viloyat rahbari mahallalardagi xotin-qizlar faollari va ijtimoiy xodimlarning mutlaq passivligini qattiq qoraladi. Tahlillarga ko‘ra, 2 742 ta holatda fuqarolar mahalladagi mas’ullarga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri viloyat hokimining o‘ziga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Viloyatdagi 221 ta mahallada faoliyat yurituvchi xotin-qizlar faollarining 80 nafari (36 foizi) hamda ijtimoiy xodimlarning 16 nafari (7 foizi) 20 kun davomida tizimga birorta ham muammo yoki masala kiritmagan:

«Mana, Zarbdor mahallasida 25 nafar fuqarodan 22 tasi menga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilgan. Nega faqat 3 tasini xotin-qizlar faoli qo‘ygan? Ijtimoiy himoya xodimi esa umuman bitta ham masala kiritmagan. Yonidagi odamning muammosini ko‘rmasa, ko‘zi ko‘r-ku uning! Og‘zingdan bol tomib fuqaro bilan gaplashishing kerak. G‘o‘dayib emas, o‘zingni yuqori qo‘yib emas, xuddiki do‘sting, onang, opang yoki akang kelganday muomala qilishing shart!» — dedi hokim.

Intizomiy jazolar va vazifaga loyiqlik masalasi

Yig‘ilish yakunida Erkinjon Turdimov muddati o‘tgan har bir murojaat bo‘yicha aniq natijaga erishish yuzasidan qat’iy ko‘rsatmalar berdi. Loqaydlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan choralar belgilandi:

  • 2 nafar mas’ulning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi tegishli idoralar bilan birgalikda ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi;

  • 3 nafar rahbarga nisbatan navbatdagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi belgilandi.

Viloyat rahbari asosiy mezon shunchaki murojaatlarni yopish emas, balki odamlar bir masala bilan ikkinchi marta davlat idorasi eshigiga kelishga majbur bo‘lmasligi kerakligini uqtirdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar