Samarqandda hovlisidan yer qaziyotgan fuqaro qadimiy qabr qoldiqlarini topdi

Samarqandda hovlisidan yer qaziyotgan fuqaro qadimiy qabr qoldiqlarini topdi

Samarqand viloyati Payariq tumanida hovlisida yer qazish ishlari olib borayotgan fuqaro bronza davriga oid bo‘lishi mumkin bo‘lgan qadimiy qabr qoldiqlarini topdi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Darvozag‘aza qishlog‘ida olib borilgan qazish ishlari vaqtida inson suyak qoldiqlari, bronzadan yasalgan bilaguzuklar, turli taqinchoqlar va mayda munchoqlar topilgan.

Fuqaro topilma haqida Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutiga xabar bergan. Institut mutaxassislari voqea joyini ko‘zdan kechirib, aniqlangan arxeologik ashyolar hamda inson suyak qoldiqlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirib, ilmiy o‘rganish uchun qabul qilib olgan.

Dastlabki kuzatuvlarga ko‘ra, bronza bilaguzuklarning ayrimlari konussimon uchlari va spiralsimon bezaklari bilan ajralib turadi. Ularning shakli va bezaklari bronza davrining so‘nggi bosqichida yashagan dasht chorvador qabilalari madaniyatiga xos taqinchoqlarga o‘xshaydi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, Zarafshon vodiysidagi shunga o‘xshash yodgorliklar odatda miloddan avvalgi XIII–X asrlarga mansub bo‘lib, Andronovo–Tozabog‘yob madaniy doirasi bilan bog‘lanadi. Biroq Darvozag‘aza qishlog‘idan topilgan yangi qabrning aniq davri va madaniy mansubligi hozircha belgilanmagan.

Bu masalaga maxsus arxeologik qazishmalar, antropologik tadqiqotlar hamda metall buyumlarning laboratoriya tahlillari orqali aniqlik kiritilishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar