O‘quvchi qizga shahvoniy shilqimlik qilgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi

O‘quvchi qizga shahvoniy shilqimlik qilgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida 16 yoshli o‘quvchi qizga shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga ma’muriy qamoqqa olingan texnikum ustasi ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Kasbiy ta’lim agentligi xabar berdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, holat aniqlangach, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 2-son texnikumda xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. O‘rganish natijasida o‘quvchiga nisbatan nomaqbul xatti-harakat sodir etgan ishlab chiqarish ta’limi ustasi K.E.E. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda bir tomonlama bekor qilingan.

«Kasbiy ta’lim agentligi o‘quvchilarning sha’ni, qadr-qimmati va shaxsiy daxlsizligiga tajovuz qiluvchi har qanday xatti-harakatni qat’iy qoralaydi», — deyiladi agentlik munosabatida.

Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlarida xavfsiz va hurmatga asoslangan muhitni ta’minlash, bunday holatlarning oldini olish hamda takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun nazorat va profilaktika choralari kuchaytirilishi ma’lum qilingan.

Agentlik o‘quvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda har bir holatga xolisona munosabat bildirish bo‘yicha mas’ul rahbar va xodimlarning javobgarligi kuchaytirilishini ham bildirgan.

Avvalroq sud texnikum ustasini shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq huquqbuzarlikda aybdor deb topib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagani haqida xabar berilgan edi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar