Surxondaryoda o‘qituvchi 16 yoshli o‘quvchiga shilqimlik qildi

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida texnikum masteri voyaga yetmagan o‘quvchiga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ sud hujjatiga tayanib xabar berdi.
Sud hujjatida qayd etilishicha, 25 sentyabr kuni 37 yoshli erkak texnikumda tahsil olayotgan 16 yoshli qizga nisbatan shahvoniy xususiyatdagi nojo‘ya harakatlarni ikki marta sodir etgan.
Ish 6 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud jarayonida texnikum masteri o‘z aybiga iqror bo‘lmagan.
Uning tushuntirishicha, texnikum tomonidan o‘quvchilarga berilishi kerak bo‘lgan oyoq kiyim masalasi bo‘yicha ota-onalardan ariza yig‘ish maqsadida qizni darsdan chaqirgan.
Biroq voyaga yetmagan o‘quvchi sudda onasi ishtirokida boshqacha ko‘rsatma bergan. Uning aytishicha, o‘qituvchi uni alohida xonaga chaqirib, noo‘rin xatti-harakatlar qilgan. Qiz qarshilik ko‘rsatib, u yerdan chiqib ketgan.
Keyinroq o‘qituvchi uni yana sportzalga chaqirgan. Qiz u yerga borganida ham erkakning noo‘rin harakatlariga duch kelgan va vaziyatdan foydalanib, joyni tark etgan.
Sud o‘qituvchini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi.
Unga 5 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.






























Izohlar 0
…