14:04 / 01.01.2018
5 601

Piyodalar tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklar ko‘paymoqda

Piyodalar tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklar ko‘paymoqda
Yangi yil bayramini yurtdoshlarimiz o‘zgacha xush kayfiyat bilan qarshilaydi. Ko‘ngilllarga yangi orzu-umidlar soluvchi bu bayramning hayajoni ham butkul bo‘lakcha.
O‘ylagan rejalarimiz amalga oshishi uchun esa, avvalo, sog‘-omon bo‘lishimiz kerak. Ayniqsa, yo‘llarda hushyorlikni unutmaslik zarur.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, yakuniga yetayotgan yilning 11 oyida yo‘llarda 3,5 million qoidabuzarlik aniqlangan. Eng yomoni, bu raqamning yarmidan ko‘pi qo‘pol qoidabuzarlikni tashkil etgan. Jumladan, 61 ming haydovchi rulga mast holda o‘tirgan. 2,2 mingdan ziyod inson shundaylarning kasriga qolib yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan. Bu raqam zamirida esa yaqinidan ajralgan qancha oila, qancha bitmas jarohat olgan qalblar bor.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotlar ichida boshqa qoidabuzarliklar kamaygani holda piyodalar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar ko‘paygani qayd etilgan. Haqiqatan, kundalik hayotda belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tayotgan, katta tezlikda kelayotgan avtomobillar oqimi oldidan yugurib o‘tayotgan fuqarolarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. Bu hayot uchun qanchalik xavfli ekanini tasavvur qilish qiyin emas. Shunday ekan, har birimiz yo‘ldan o‘tishda belgilangan joydan, yer osti yo‘llaridan o‘tishni odat qilishni o‘zimizdan boshlasak, bu borada farzandlarimizga o‘rnak bo‘lsak yaxshi bo‘lardi.

2018 yildan boshlab ichki ishlar organlari yo‘l-patrul va post-patrul xizmatlari inspektorlari o‘z vazifasini bajarish, ayniqsa, fuqarolar bilan muloqot jarayonini qayd etish imkonini beradigan videokameralar bilan ta’minlanadi.

Hozir mazkur jarayonni amalda ta’minlash bo‘yicha maxsus komissiya ish boshlagan. Bu tizim sohada ta’magirlik va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish imkonini yaratadi.

Haydovchilar va piyodalar ham o‘z zimmasidagi mas’uliyatni bajarsalar, belgilangan qoidalarga rioya etsalar yo‘llarimiz bexatar bo‘lib, sohada qonuniylik haqiqiy ma’noda ta’minlangan bo‘lardi.

Hushyorlikni hech qachon unutmang!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Piyodalar tomonidan sodir etilayotgan qoidabuzarliklar ko‘paymoqda