17:12 / 26.10.2018
4 376

Tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga o‘zgartirish kiritildi

Tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga o‘zgartirish kiritildi
Vazirlar Mahkamasi Tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi, deb yozmoqda Norma.

Eslatib o‘tamiz, Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018 yildagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan. Prezidentning 11.04.2018 yildagi PF–5409-son Farmoni qabul qilinishi munosabati bilan va iste’mol qilinadigan tabiiy gaz uchun o‘zaro hisoblashish tizimini yanada takomillashtirish zarurati sababli Qoidalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Shartnomalar yangicha tuziladi

Ilgari iste’molchi va gaz ta’minoti tashkiloti gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomani tuzish chog‘ida Qoidalar bilan tasdiqlangan shartnoma (namunaviy shartnoma) blankasini dalil bo‘yicha to‘ldirishlari va imzolashlari kerak edi.

Bunda iste’molchi faoliyatining xususiyatidan kelib chiqqan holda shartnomaga jiddiy ishlov berishga to‘g‘ri kelar, vaziyat ancha murakkablashar edi. Qo‘shimcha bitimlar tuzishga to‘g‘ri kelar edi. Qoidalarga kiritilgan o‘zgartirishlar hisobga olinsa, namunaviy shartnoma tomonlar imzolaydigan hujjatni tuzish uchun faqatgina boshlang‘ich nuqta vazifasini o‘taydi.

Bundan tashqari, endi namunaviy shartnoma «O‘ztransgaz» AJ tomonidan ishlab chiqiladi hamda Majburiy ijro byurosi, O‘zdavneftgazinspeksiya va Davlat raqobat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Shartnomaning namunaviy shakli Qoidalari ilovalardan chiqarib tashlandi.

Xatlovdan o‘tkazish dalolatnomasini unutmang

Gaz hisoblagichini almashtirish, ta’mirlash, xizmat ko‘rsatish, davlat qiyoslovidan o‘tkazish va sozligini monitoring qilish uchun yechib olish chog‘ida endi xatlovdan o‘tkazish dalolatnomasi tuziladi. U tabiiy gaz iste’molini hisobga olish priborini davlat qiyoslovidan o‘tkazish uchun yechib olish sanasida tuziladi. Maishiy iste’molchida hisobga olish pribori mavjud bo‘lmaganda xatlovdan o‘tkazish dalolatnomasi 3 yilda kamida 1 marta tuziladi.

Gazdan foydalanganlik uchun qachon to‘liq haq to‘lanadi?

Qoidalarga ko‘ra ilgari faqat o‘zboshimchalik bilan ulanganlik dalili aniqlangan taqdirda tarmoqqa ulangan gazdan foydalanish uskunasining bir sutkada to‘liq quvvat bilan 24 soat ishlashi hisobidan kelib chiqib iste’mol qilingan tabiiy gaz hajmlarining qiymati iste’molchilardan undirilishi mumkin edi. Endi ushbu amaliyot quyidagi hollarda ham qo‘llaniladi:

a) hisobga olishni noto‘g‘ri ko‘rsatish maqsadida hisobga olish priborining konfiguratsiyasi va sozligini o‘zgartirish uchun tabiiy gaz iste’molini hisobga olish priboriga modem yoki boshqa aloqa vositalarining ruxsatsiz ulangani aniqlanganda – ruxsatsiz aralashilgan kundan boshlab butun vaqt davomida (aralashish holati va sanasini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda), lekin da’vo muddatidan (3 yil) ko‘p bo‘lmagan davrda;

b) tabiiy gaz iste’molini hisobga olish priborining xotirasidan iste’molchining aybi bilan nazorat qilinadigan ma’lumotlar qisman yoki to‘liq yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilganda – ma’lumotlar yo‘qotilgan vaqtdan nosozlik aniqlangan vaqtgacha (aralashish holati va sanasini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda), vaqtni (davrni) aniqlash imkoni bo‘lmaganda – oxirgi ko‘rik yoki Byuro yoxud gaz ta’minoti tashkiloti vakili borib ko‘rgan vaqtdan boshlab, lekin da’vo muddatidan (3 yil) ko‘p bo‘lmagan davrda;

v) gaz iste’moli hajmlari hisobga olish priborining ruxsat etilgan maksimal o‘lchov chegarasidan ortiqcha bo‘lganda. Ushbu holatda plombalanmagan gaz jihozlarida foydalanilgan gaz uchun hisob-kitoblar oxirgi xatlovdan o‘tkazish dalolatnomasi tuzilgan kundan, xatlov dalolatnomasi mavjud bo‘lmaganda esa – Byuro yoki gaz ta’minoti tashkiloti vakili tomonidan oxirgi marta borib ko‘rilgan kunda amalga oshiriladi;

g) hisobga olish priborini ulash tartibi va sxemasi o‘zgartirilganda, pribordan tashqari vizual aniqlab bo‘lmaydigan yashirin yo‘l bilan ulanishlar (gaz quvurlari, baypas liniyalari va boshqalarning yashirincha montaj qilinishi) aniqlanganda – oxirgi xatlovdan o‘tkazish dalolatnomasi tuzilgan kundan, lekin da’vo muddatidan (3 yil) ko‘p bo‘lmagan davrda;

d) hisobga olish pribori buzilganda yoki mavjud bo‘lmaganda (iste’molchi aybi bilan), plombalar uzilganda va vizual aniqlanadigan tabiiy gazning haqiqiy iste’moli ko‘rsatkichlarini kamaytirish maqsadidagi boshqa qoidabuzarliklarda (jumladan, hisobga olish priboridan tashqari yoki undan oldin gaz quvurlari va baypas liniyalari ulanganda) – 1 hisob-kitob davridan (oy) ko‘p bo‘lmagan vaqtda;

ye) iste’molchi tomonidan gazlashtirish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilmasdan gazdan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha uskuna o‘rnatilganda – 1 hisob-kitob davridan (oy) ko‘p bo‘lmagan vaqtda.

Bunda qoidabuzarlik to‘g‘risidagi dalolatnomaga muvofiq amalga oshirilgan qayta hisob-kitob hajmi va summasi Qoidalar buzilishi bilan bog‘liq zararni hisoblash uchun asos hisoblanadi.

Hujjat 22.10.2018 yildan kuchga kirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga o‘zgartirish kiritildi