08:30 / 28.03.2019
4 174

Alina Kabayeva Toshkentda kechgan bolaligi haqida: “Odamlar bir-biriga mehrli edi”

Alina Kabayeva Toshkentda kechgan bolaligi haqida: “Odamlar bir-biriga mehrli edi”
Olimpiya chempioni va baddiy gimnastika afsonasi Alina Kabayeva “Aeroekspress” jurnaliga Oʻzbekistonda kechgan bolaligi va qanday qilib sport bilan shugʻullana boshlagani haqida gapirib berdi.

Kabayeva Toshkentda dunyoga kelgan. Uning xotirasida bolalik onlari eng baxtiyor va begʻubor damlar sifatida muhrlanib qolgan. Ayolning soʻzlariga koʻra, u oʻsgan koʻpmillatli mahallada bolaning begonasi boʻlmagan.

“Men koʻpmillatli shaharda tugʻilibgina qolmay, balki shunday muhitda voyaga yetganman. Hovlimizda turli millatga mansub oilalar yashar edilar. Shu qadar inoq boʻlganmizki, bunda har birimizning baxtiyor onlarimiz barcha uchun shodu-xurramlikka aylanar, qiyin damlarda esa hech kim oʻz muammosi bilan yolgʻizlanib qolmas edi. Qoʻshnilar hamisha bir-birini qoʻllab-quvvatlar va yordam berishardi. Odamlar oʻrtasidagi munosabatlar samimiy va doʻstona edi. Albatta, janjallar ham boʻlgan, lekin bunday holatlarda ham bir-biriga nisbatan nafrat boʻlmagan”, - deb soʻzladi u.

Alinaning otasi futbolchi boʻlgan, onasi esa qachonlardir basketbol bilan shugʻullangan. Shu bois, juftlik qizaloqni ham sportga oshno etishni rejalashtiradi. Alina gimnastikachi boʻlmasligi ham mumkin edi.

“Oʻz vaqtida dadamlar Dnepropetrovskdagi ”Dnepr“ futbol jamoasida toʻp surganlar. U yerda figurali uchun yaxshi rivojlangan edi. Men oʻsha vaqtda uch yoshda boʻlganman, onamlarga sportning bu turi juda yoqqani uchun, meni figurali uchishga bergan boʻlishardi”, - deya xotirlaydi Kabayeva.

Oila boshligʻi olgan jarohatdan soʻng hammalari birgalikda Toshkentga qaytishadi. Lekin bu yerda muz saroylari koʻp emas edi. Natijada Alina badiiy gimnastikaga qatnay boshlaydi.

“Oyimlar hali men dunyoga kelmasimdan bu sport turi bilan tanish boʻlganlar, nega deganda, u kishi oʻynagan basketbol jamoasi gimnastikachilar bilan bitta zalda shugʻullanishgan (avval badiiy gimnastikachilar zalni band etgan boʻlsa, kunning ikkinchi yarmida basketbolchi qizlar u yerda shugʻullanishgan). Irina Aleksandrovna Vinerning mashgʻulotlarini kuzatgan oyim, oʻsha vaqtning oʻzidayoq, agar kelajakda qizaloqli boʻlsa, uni albatta, badiiy gimnastikaga va faqat shu murabbiyga berishini diliga maqsad qilib tugib qoʻygan”, - deya izoh beradi chempion.

Badiiy gimnastika tufayli, Kabayeva dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻladi. Sportchi ayol xotiralariga koʻra, mashgʻulotlar grafigi oʻta zich boʻlishiga qaramay, murabbiylar qizlarni oʻzlari mehmon boʻlib turgan davlatning madaniyati bilan tanishtirishga albatta vaqt topar edilar.

“Eng zavqli xotiralarim Yaponiya bilan bogʻliq. 1994 yil boshida men Osiyo chempionatiga Qozogʻistondan (oʻsha vaqtda Pavlodarda yashaganmiz, dadam ”traktor“ futbol jamoasi uchun toʻp surardi) borganman. 95-yilda men Irina Aleksandrovna qoʻlida shugʻullanishni boshladim, va bir yildan keyin Rossiya termasi aʼzosiga aylanib, Yaponiyaga qaytganman va yuniorlar oʻrtasida jahon chempionati gʻolibi boʻlganman. Hatto murabbiyim ham bunday boʻlishini kutmagan. Men oʻz oldimga oʻshanda eng kuchli gimnastikachilar 30taligiga kirishni maqsad qilib qoʻygandim”, - deb hikoya qiladi Alina.

Ona Vatani Oʻzbekistonga olimpiya chempioni tez-tez qadam ranjida qiladi. Alinaning aytishicha, u faqatgina Toshkentni emas, balki Buxoro va Samarqandni ham juda yaxshi koʻradi.

Alina sportda olgan tajribasi hayotda unga juda yordam berishini qoʻshimcha qilgan. Axir aynan sport intizomni, jamoada ishlash qobiliyatini shakllantiradi, aynan sport tufayli inson har bir harakati uchun javob berishni, masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishni oʻrganadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Alina Kabayeva Toshkentda kechgan bolaligi haqida: “Odamlar bir-biriga mehrli edi”