
Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashirmatov jamoat transportida yo‘l haqi to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishi ortidan yo‘lkira narxi qimmatlashi haqidagi gap-so‘zlar noto‘g‘riligini ma’lum qildi.
Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, shu paytgacha avtobus yoki metroning boshidan oxirigacha borgan yo‘lovchi ham, bir-ikki bekat yurib tushib qolgan yo‘lovchi ham bir xil yo‘lkira to‘lab kelayotgan bo‘lsa, yangi tizimda bunday bo‘lmaydi.
«Avtomatlashtirilgan yo‘lkira to‘lash tizimida vaqtga, masofaga bog‘langan turli tariflar mavjud. Agar boradigan manzilingizga bitta avtobusda boradigan bo‘lsangiz, shu masofaga taxminan 40 daqiqada boradigan bo‘lsangiz, shu vaqtga mos tarifni olib, bitta transportni kutib o‘tirmay bir necha transport, masalan avtobus va metroga almashgan holda manzilingizga yetib olishingiz mumkin. Bunda yo‘lkira narxi bitta avtobusda borib-kelgandagidan oshmaydi», deydi Navro‘z Ashirmatov.
Transport vazirligining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning qo‘shimcha qilishicha, yangi tizimni joriy etishdan oldin aholi ko‘zlagan manziliga borish uchun bir necha transport turidan foydalanganda qayta-qayta yo‘lkira to‘lamasligi haqida jiddiy bosh qotirilgan.

Anvar Jo‘rayev
Foto: Ibrohim Do‘shanov
Foto: Ibrohim Do‘shanov
«Yangi avtomatlashtirilgan tizimda ana shu masalaga yechim topildi. Nasib etsa, tizim to‘liq joriy etilganidan so‘ng yo‘lovchilar buning afzalligini sezishadi. Qaysidir yo‘nalish bo‘yicha qatnovchi avtobuslar sonini ko‘paytirish orqali muammoni hal etib bo‘lmaydi. Bu bilan ko‘chalardagi tirbandlikni oshiramiz, xolos. Agar avtobuslar soni ko‘paysa, shu yo‘nalish bilan kesishadigan boshqa avtobuslarning intervali ham o‘zgaradi. Natijada bugun 20 daqiqada yetib borish mumkin bo‘lgan joyda 40 daqiqada yetib boriladi», deydi u.
Yo‘lkira to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi 2020 yilning 1 yanvaridan Toshkentda, 1 avgustdan Nukus shahri va viloyat markazlarida, 2021 yil 1 yanvardan Respublikaning boshqa hududlaridagi jamoat transportiga joriy etilishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar