19:40 / 23.07.2020
4 272

Karantin cheklovlari uzaytiriladi. Prezident maxsus komissiya taklifiga rozilik bildirdi

Karantin cheklovlari uzaytiriladi. Prezident maxsus komissiya taklifiga rozilik bildirdi
O‘zbekistonda karantin cheklovlari uzaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida navbatdagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Tadbirda bugungi kunda mamlakatda pandemiyaga qarshi qanday kurash olib borilayotganiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Xususan, hozirda koronavirus yuqtirganlar soni 18 ming 700 nafardan oshgani, vaziyat hamon jiddiy bo‘lib qolayotgani ta’kidlangan.

«Ahvoli og‘ir bemorlar soni ko‘payib bormoqda. Koronavirusga qo‘shimcha ravishda pnevmoniya holatlari ham keng tarqalmoqda. Shu sababli, oxirgi 10 kunda 4ta selektor o‘tkazib, hokimlar, vazirlar va boshqa mutasaddi rahbarlarga qo‘shimcha davolash o‘rinlarini tashkil etish, simptomsiz kasallarni uyda tizimli davolash, ularni zarur dori-darmon va oziq-ovqat bilan ta’minlash, tez tibbiy yordam tizimi ishini yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriqlar bergan edim. Bugun hisobotlarni eshitamiz», degan davlat rahbari.

Prezident bugungi kunda eng muhim vazifa aholi o‘rtasida virus zanjirini uzish hisoblanishi, buning uchun karantin talablariga so‘zsiz amal qilish, ularning immunitetini mustahkamlash, sog‘ligini asrab-avaylash, har bir insonning hayoti uchun kurashish zarurligini qayd etgan.

«Shu munosabat bilan, shuningdek, kasallik yuqtirilishining oldini olish, o‘lim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shavkat Mirziyoyev hozirgacha amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritar ekan, oxirgi kunlarda koronavirusni davolash uchun qo‘shimcha 46,5 mingta o‘rin ajratilgani, yana 31 mingta o‘rin tashkil etilishi, 397ta tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilingani, bir oy muddatda yana 409ta mashina joylarga yetkazilishini ta’kidlab o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 10 iyuldan 1 avgustgacha butun respublika bo‘ylab qat’iy karantin joriy etilgandi. Endilikda komissiya karantin qachongacha uzaytirilishini e’lon qilishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)