20:56 / 04.08.2020
3 786

Davlat test markazi OTMga kirish testlari qachon bo‘lib o‘tishi yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi

Davlat test markazi OTMga kirish testlari qachon bo‘lib o‘tishi yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi
O‘zbekistonda pandemiya sharoiti murakkab kechayotganligi, karantin cheklovlari bekor qilinmayotganligi yoki yumshatilmaganligi bois oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarini o‘tkazish muddatlari test topshiruvchilar salomatligiga zarar yetmaydigan vaziyat kelgunga qadar keyinga surilmoqda va bu haqda jamoatchilik muntazam xabardor qilib boriladi. Bu haqda Davlat test markazi axborot xizmati xabar qilgan.

«Keyingi kunlarda turli internet nashrlarida kirish imtihonlari usti ochiq katta maydonlarda, ertalab va kechki smenada o‘tkazilishi, shuningdek, aniq sanalar belgilanganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalmoqda.

Bu borada rasman shuni ma’lumi qilamizki, ayni kunlarda Davlat test markazi tomonidan jarayonlarni, eng avvalo, test topshiruvchilar salomatligi xavfsizligini ta’minlagan holda tashkil etish borasida turli variantlar o‘rganib chiqilmoqda.

Qayd etish kerakki, ushbu harakatlar hali o‘rganish bosqichida bo‘lganligi sababli hozirdan «shunday bo‘ladi» qabilida xabarlar tarqatish abituriyentlarni chalg‘itishi, testga tayyorgarlik jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shularni hisobga olib, Respublika komissiyasi ko‘rsatmasi asosida sog‘liqni saqlash tashkilotlari bilan birgalikda 2020 yilgi qabul test sinovlarini o‘tkazish uchun maqbul va xavfsiz joylar tanlanib, aniq sanalar belgilangach, Davlat test markazi tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali ishonchli xabar beriladi. Bunga qadar abituriyentlardan turli xabarlarga e’tibor qilmasdan vaqtdan unumli foydalanishlarini, test sinoviga puxta tayyorgarlik ko‘rishni davom ettirishlarini so‘rab qolamiz
», – deyiladi DTM axborotida.

O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlarini 25 iyuldan 20 avgustgacha o‘tkazish rejalashtirilayotgandi. Biroq mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10 iyuldan 1 avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilindi va keyinchalik karantin 15 avgustga qadar uzaytirildi. 22 iyulda AOKAda o‘tgan brifingda Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov imtihon cheklovlar 1 sentabrgacha davom etsa, sentabr oyida o‘tkazilishi mumkinligini aytgandi. Shuningdek, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi 2020/2021-o‘quv yili qabuli uchun magistraturaga hujjat topshirgan va muayyan sabablarga ko‘ra arizasi qabul qilinmagan abituriyentlarga muammoni bartaraf qilish uchun 4 avgustdan 6 avgust soat 11:00 gacha vaqt bergan.

Ro‘yxatga olish 20 iyundan 20 iyulga qadar barcha hududlarda DTMning rasmiy veb-sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali , respublikaning 8 ta tumanida esa Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirildi. 21 iyul kuni abituriyentlarni ro‘yxatga olish yakunlandi. Ro‘yxatdan o‘tgan jami abituriyentlar soni 1 484 085 nafarni tashkil etdi. Ularning eng yoshi 13, eng kattasi 95 yoshda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)