15:05 / 16.09.2020
892

O‘zbekiston uchun majburiy mehnat to‘g‘risidagi konvensiya bayonnomasi kuchga kiradi

O‘zbekiston uchun majburiy mehnat to‘g‘risidagi konvensiya bayonnomasi kuchga kiradi
2020 yilning 16 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi uchun Xalqaro mehnat tashkilotining 1930 yildagi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli konvensiyasiga Bayonnoma kuchga kiradi. TIV xabariga ko‘ra, mazkur Bayonnoma O‘zbekiston tomonidan 2019 yil 25 iyundagi O‘RQ-545-sonli Qonunga muvofiq ratifikatsiya qilingan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi XMTning barcha 8 ta fundamental konvensiyalari ishtirokchisi hisoblanadi. Mazkur Bayonnoma esa fundamental konvensiyalardan biri, ya’ni XMTning 1930 yildagi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi konvensiyasining tarkibiy qismi hisoblanadi. O‘zbekiston ushbu konvensiyaga 1992 yil 13 iyulda a’zo bo‘lgan.

Bayonnoma Konvensiyadagi eskirgan va bugungi kun voqeligiga javob bermaydigan bir nechta qoidalarni chiqarib tashlash hamda Konvensiyani majburiy mehnat maqsadidagi odam savdosi kabi illatlarga qarshi samarali kurashga imkon beruvchi normalar bilan to‘ldirish maqsadida qabul qilingan.

Ushbu hujjat majburiy mehnatni oldini olish, uning qurbonlarini himoya qilish va himoya vositalaridan foydalanishni ta’minlash bo‘yicha yangi majburiyatlarni belgilaydi va sohadagi xalqaro huquqiy asoslarni mustahkamlaydi.

Bayonnoma qoidalariga muvofiq XMTning har bir a’zosi:

1. Ish beruvchilar va xodimlar manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bilan maslahatlashuvlar asosida uzoq istiqbolda majburiy mehnatning oldini olish maqsadida milliy siyosat va harakatlar rejasini ishlab chiqadi.

2. Quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi tegishli chora-tadbirlarni ko‘radi:

alohida himoyaga muhtoj shaxslarni majburiy mehnat qurboniga aylanishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ularni o‘qitish va xabardorligini oshirish;

majburiy mehnatga oid qonunchilikning amal qilish doirasi barcha xodimlarga va iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga tatbiq etilishi uchun tegishli sa’y-harakatlarni amalga oshirish;

davlat va xususiy sektorning majburiy mehnat xavfining oldini olishga qaratilgan faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;

majburiy mehnat xavfini oshiradigan asosiy sabablar va omillarni aniqlash.

3. Majburiy mehnat qurbonlarini aniqlash, ozod qilish, himoya qilish va reabilitatsiya qilish bo‘yicha hamda boshqa turdagi yordam va qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘radi.

Bayonnomada ishtirok etish milliy qonunchilikni xalqaro mehnat standartlariga muvofiq takomillashtirishga hamda respublikaning XMT bilan majburiy mehnatni tugatish sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)