13:30 / 10.11.2020
1 700

DXX giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tadbirlar o‘tkazdi

DXX giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tadbirlar o‘tkazdi
Giyohvand moddalar insoniyat uchun zararli va xavfli ekani barchamizga ma’lum. Uning savdosi bilan shug‘ullanish esa jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini ham yaxshi bilamiz. Shunday bo‘lsada ayrim shaxslarning bunday qabih ishga qo‘l urishlari achinarli hol.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi va bojxona organlari xodimlarini jalb qilgan holda Urgut tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Xususan, Urgut tumanida yashovchi S.Maxammatov o‘zining «Spark» rusumli avtomashinasida hamtavog‘i I.Pardayev bilan birgalikda qariyb 1 kg «opiy» giyohvand moddasini 18 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtlarida qo‘lga olindi. Tezkor tadbir davomida jinoiy guruhda mijoz topish bilan shug‘ullangan Sh.Xasanov va M.Osarovlar ham ushlandi.

Bu kabi noqonuniy holat Ishtixon tumanida ham kuzatildi. Jumladan, urgutlik R.Amonov o‘zining «Jiguli» avtomashinasida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilib, tekshirilganda, uning yonidan qariyb 200 gr. «opiy» moddasi topildi.

DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda esa Tojikiston Respublikasida yashovchi noma’lum shaxs tomonidan Sirdaryo viloyati Xovos tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan 9 kg 745 gr. «gashish» giyohvandlik moddasini fuqaro Sh.Nazarov olib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi.

DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Farg‘ona tumanida yashovchi O.Mirzaxo‘jayev Quvasoy shahrida yashovchi B.Yusupovga 115 gr. «gashish» moddasini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalilar bilan qo‘lga olindi.
Shuningdek, Mirzaxo‘jayevning viloyat markazidagi vaqtinchalik yashash manzilidan yana 971 gr. «gashish» moddasi olindi. Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan.

DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbir davomida Andijon viloyati Marhamat tumanida yashovchi I.Abdusattorov o‘zining «Damas» rusumli avtomashinasida xaridorga 490 gr. «gashish» giyohvandlik moddasini sotmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi.

Navbatdagi noqonuniy holat Dang‘ara tumanidagi «Chag‘ali» YPX maskanida aniqlandi. «Toshkent-Qo‘qon» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan Qo‘qon shahrida yashovchi F.Kamilov boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirilganida, uning salonida giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritilgan 14.980 dona «Tramadol» dori vositasi borligi ma’lum bo‘ldi va protsessual tarzda rasmiylashtirilib olindi.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DXX giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tadbirlar o‘tkazdi