19:33 / 27.01.2021
1 030

Zarifboy Ibodullayev: "Insultdan saqlaning!"

Zarifboy Ibodullayev: "Insultdan saqlaning!"
Savol: Insult qanday kasallik va u yer yuzida qanday tarqalgan?

Javob:
Insult – bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishidir. Insultning qanday tarqalishiga kelsak, u turli davlatlarda turlicha tarqalgan. Yer yuzida yiliga 16 mln., Rossiyada 600 ming, Ukrainada 120 ming, O‘zbekistonda 60 mingta insult ro‘yxatga olinadi. Ta’kidlab o‘taman, bu ro‘yxatga olinayotgan insultlar soni! Ro‘yxatga olinmayotgan insultlarni ham hisoblasak, ushbu ko‘rsatkichlar yanada oshishi tabiiy. Demak, insult juda ko‘p tarqalgan kasalliklardan biridir. Insultning har oyda, har kuni va har soatda qancha uchrashini ushbu jadvaldan bilib olishingiz mumkin.

E’tibor bering-a, har soatda nechta odam insultga duchor bo‘ladi. Ularning 30-40 foizi o‘lim bilan tugaydi, 50 foizdan oshig‘i nogiron bo‘lib qoladi.

Savol: Insult bilan asosan katta yoshdagilar kasallanishadi deyishadi. Shu to‘g‘rimi?

Javob:
To‘g‘ri! Biroq so‘nggi paytlarda insultning «yosharib» borayotganligi haqida ko‘p ma’lumotlar paydo bo‘lmoqda. Hozir 30-40 yoshga kirganlarda ham insult ro‘y bermoqda! O‘tgan asrning 90-yillari bunday bo‘lmagan. Masalan, barcha insultlarning 20 foizi hali 50 yoshga kirmaganlarda uchrashi achinarli hol, albatta. Afsuski, ularda insultning eng og‘ir turi, ya’ni miyaga qon quyilishi (gemorragik insult) ko‘p uchraydi. Yosh oshgan sayin insult uchrashi ham ko‘payib boradi. Biroq rivojlangan davlatlarda insultning uchrashi kamaymoqda. Masalan, AQSHda insult Rossiyaga qaraganda 5 barobar kam uchraydi. Insult eng kam kuzatiladigan davlatlardan biri Shveysariya hisoblanadi. Chunki rivojlangan davlatlarda nafaqat sog‘liqni saqlash tashkilotlari, balki aholining o‘zi ham insultdan saqlanishga oid barcha talablarga rioya qila boshlashgan.

Savol: Insult rivojlanmasligi uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?

Javob:
Insultga olib keluvchi omillarning deyarli barchasining oldini olish mumkin. Insultga olib keluvchi xatarli omillarga qonda xolesterin miqdori oshib ketishi, ichish va chekish, gipodinamiya, ya’ni kamharakatlilik, stress, ya’ni ruhiy zo‘riqishlar, ateroskleroz, arterial gipertoniya, qandli diabet, yurak aritmiyasi kabi omillar kiradi. Insultga olib keluvchi eng xatarli omillardan biri – bu arterial gipertoniyadir, ya’ni qon bosimning oshib ketishi. Arterial gipertoniya 70 foizga yaqin insultning sabab¬chisidir! Agar qon bosim 160/95 mm simob ustundan oshsa, qon bosimi me’yorda bo‘lganlarga (120/70 mm simob ustuni) qaraganda insult 4 barobar ko‘p uchraydi! Agar qon bosimi 200/100 mm. simob ustuniga yetsa, insultning uchrash darajasi 10 barobarga oshadi!

Ateroskleroz. Aytish joizki, yosh oshgan sayin ateroskleroz kasalligi ko‘p uchray boshlaydi. Shuning uchun ham yosh oshgan sayin insult bilan kasallanganlar soni oshib boradi. Biroq ateroskleroz qaysi yoshda rivojlana boshlashi odamning hayot tarziga bog‘liq. Aksariyat odamlar ateroskleroz faqat qon bosimi baland bo‘lganlarda uchraydi deb o‘ylashadi. To‘g‘ri, gipertoniya kasalligi ateroskleroz rivojlanishini jadallashtiradi, biroq qon bosimi past bo‘lganlarda ham ateroskleroz rivojlanadi. Chunki ateroskleroz rivojlanishi yog‘li ovqatlarni ko‘p, meva-sabzavotlarni esa kam iste’mol qilish, kamharakatlilik, doimiy ruhiy-hissiy zo‘riqishlarga ham bog‘liq. Aterosklerozda qonda xolesterin miqdori oshadi, tomir devorlari mo‘rtlashadi, tomirlarda chandiqlar paydo bo‘ladi va ular tiqilib qolib, insultga olib keladi.

Chekish. Ushbu zararli odat insult rivojlanishini deyarli 2 barobarga oshiradi. Bu isbot qilingan dalil. Chekish nima uchun kayf beradi, chunki u aynan miyani qon bilan ta’minlovchi tomirlarga va u orqali insonning kayfiyati bilan bog‘liq maxsus miya tuzilmalariga ta’sir qiladi. Chekish qon ivishini kuchaytirib, tromblar (qotib qolgan qon laxtalari) hosil bo‘lishini tezlashtiradi va tomirning ichki devorini zararlaydi, tomir torayib, unda qon oqishi sustlashib boradi.
Doimiy tarzda chekish, hattoki, yirik qon tomirlarni ham zararlashi mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan. Chekishni tashlash 2-4 yildan keyin insult va infarkt rivojlanishi xavfini keskin kamaytiradi.

Spirtli ichimliklar. Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish ham insult rivojlanish xavfini bir necha barobarga oshiradi. Ularda, ayniqsa, gemorragik insult ko‘p uchraydi. Biroq ba’zi olimlar kam miqdorda qabul qilingan qizil vino ishemik insult rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi deb hisoblashadi.

Parhez. Oddiy so‘z bilan aytganda, noto‘g‘ri ovqatlanish ham insultga olib keluvchi xatarli omildir. Osh tuzini ortiqcha iste’mol qilish arterial gipertoniya rivojlanishiga turtki bo‘lsa, kam miqdorda iste’mol qilish esa nafaqat qon bosimini me’yorda ushlab turishi, balki insult rivojlanishining oldini oladi.

Aminokislotalar va vitaminlarga boy bo‘lgan meva-sabzavotlarni yetarli miqdorda iste’mol qilish miya insultiga olib keluvchi xatarli omillarni kamaytiradi. Askorbin kislotasi, tokoferol atsetat, sianokobalamin, nikotin kislotasi, beta-karotin kabi vitaminlar qon tomir devorlari uchun o‘ta muhim ozuqadir. Tarkibi kaliyga boy bo‘lgan quruq mevalarni iste’mol qilish ham tomirlarda aterosklerotik pilikchalar rivojlanishining oldini oladi, tomir devorini shikastlanishdan asraydi, tomirning ichki devorida xolesterin to‘planishini pasaytiradi, demak, tromblar paydo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. Baliq go‘shtini iste’mol qilib turish ham yurak mushaklarida moddalar almashinuvini yaxshilab, qonda xolesterin miqdorining pasayishiga yordam beradi.

Gipodinamiya. Gipodinamiya – kam harakatlilik degani. Bu juda xavfli omil bo‘lib, ayniqsa, shaharliklar uchun xosdir. Bugungi kunda jismoniy mehnat orqali erishiladigan aksariyat ishlar internet, qo‘l telefonlari, kompyuterlar orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa odamlarni ishyoqmas qilib qo‘ymoqda, jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchilar soni kamayib bormoqda. Buning oqibatida yurak-qon tomir kasalliklari, shu jumladan, insult ko‘paymoqda. Rejali tarzda doimo bajariladigan jismoniy mashqlar – ertalab va kechqurun piyoda yurish (20-30 daq.), yugurish, suzish, velosipedda sayr qilish kabi yengil jismoniy mashqlar insult rivojlanishining oldini oladi. Doimiy tarzda bajariladigan jismoniy mashqlar tomir devorlarida xolesterin to‘planishini pasaytiradi, yurak-qon tomir faoliyatini yaxshilaydi.

Stress. Olimlar XX asrni stress asri deyishardi. Chunki o‘tgan asrda asabiy zo‘riqishlar sababli paydo bo‘luvchi kasalliklar, ya’ni insult va infarkt ko‘payib ketdi. Afsuski, bu holat hozirgi kunda ham davom etmoqda. Ma’lumki, infarkt yoki insult bo‘lib qolgan odamni so‘rab-surishtirsangiz ushbu kasallik rivojlanishidan oldin qattiq siqilgan bo‘ladi. Demak, stress kasallik rivojlanishi uchun turtki rolini ham o‘ynaydi. Shuningdek, doimiy siqiladigan odamda gipertoniya kasalligi, qandli diabet, yurak ishemik kasalliklari ko‘p kuzatiladi. Bularning barchasi esa insultga olib keluvchi kasalliklardir. Aytish joizki, doimiy tarzda jismoniy mehnat va sport bilan shug‘ullanadigan kishilar ruhiy-hissiy zo‘riqishlarga kam duch kelishadi. Insultning oldini olish uchun bu o‘ta muhim hisoblanadi.

Savol: O‘ylab qaralsa, bu omillarning barchasini bartaraf qilish mumkin! Odamlar shunga nega amal qilishmaydi?
Javob:
Albatta, bartaraf etish mumkin! Xo‘sh, bu bilan kim shug‘ullanishi kerak?

Savol: Har bir odamning o‘zi demoqchimisiz. Shundaymi?

Javob:
Xuddi shunday! Vrachlar faqat ogohlantirishi va tavsiya berishi mumkin! Har kim o‘z sog‘lig‘iga o‘zi jiddiy e’tibor bilan qarashi lozim! Rivojlangan davlatlarda shunday! Bu yerda ommaviy axborot vositalarining ham roli katta. Odamlar vrach tavsiyalariga amal qilishi uchun ularda salomatlik psixologiyasini shakllantirish kerak. Insult rivojlangandan keyin uni davolashga juda katta mablag‘ ketadi, tirik qolgan bemor esa umrbod nogiron bo‘lib qolishi mumkin. Bir qancha bemor insultning dastlabki kunlariyoq vafot etadi. Afsuski, insultdan butunlay tuzalib, avvalgi ish faoliyatini boshlovchilar 10 foizga yetmaydi. Bu achchiq haqiqat!

Savol: Ilm sohasida olib boradigan faoliyatingizda ham bosh miya mavzusi yetakchimi?

Javob:
Mening ilmiy tadqiqotlarim bosh miya qon tomir kasalliklariga bag‘ishlangan. Talabalik davrimdayoq qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda insult oldi kasalliklari muammosi bilan shug‘ullanganman. Nomzodlik dissertatsiyam qandli diabet bilan kasallangan bemorlarda insultning oldini olishga qaratilgan bo‘lsa, doktorlik ishim insult o‘tkazgan bemorlarda oliy ruhiy funksiyalarning buzilishi va ularni bartaraf qilish usullari, ya’ni insultlar neyro¬psixologiyasiga bag‘ishlangan. Doktorlik ishimda insultdan so‘ng kuzatiladigan nevrologik (harakat buzilishlari) va neyropsixologik (xotira, nutq va ruhiy-hissiy buzilishlar) buzilishlarni davolashning yangi usullari keltirilgan.

Savol: Insult sababli ro‘y beradigan nevrologik va neyropsixologik buzilishlar haqida ma’lumot bersangiz.

Javob:
Hali aytib o‘tganimdek, miya insultlari eng ko‘p uchraydigan kasalliklardan biri bo‘lib, to‘satdan paydo bo‘lgan nevrologik buzilishlar bemor ruhiyatida og‘ir asoratlar qoldiradi. Ushbu kasallikning kechagina sog‘lom deb hisoblangan odamda o‘tkir boshlanishi, oyoq-qo‘llarda to‘satdan paydo bo‘lgan falajliklar, nutq buzilishlari, ya’ni bir og‘iz so‘zni ham eplab gapira olmasligi bemor uchun ham, uning yaqinlari uchun ham katta falokatdir.

Miya insultida kuzatiladigan patologik o‘zgarishlar ushbu kasallik bosh miyaning qaysi sohasida rivojlanganligi, kasallik turi, zararlangan o‘choqning hajmi va insult davriga bog‘liq. Miya insultining deyarli 70 foizi bosh miya katta yarim sharlari tashqi yuzasining katta bir qismini qon bilan ta’minlovchi arteriyada kuzatiladi.

Bu arteriya bosh miyaga qon olib keluvchi ichki uyqu arteriyasining bevosita davomchisi hisoblanadi. Ushbu arteriya harakat, sezgi va nutq markazlarini qon bilan ta’minlaydi. Shuning uchun ham ushbu arteriyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi oyoq-qo‘llar falajligi (gemiparez, monoparez), tananing bir tomonida sezgi buzilishlari (gemianesteziya, monoanesteziya) va nutq buzilishlari (motor va sensor afaziyalar) bilan namoyon bo‘ladi.

Savol: Insult o‘tkazgan odamning xulq-atvori keskin o‘zgaradi. Ularning ba’zilari indamaydigan odamovi, ba’zilari esa injiq, sal narsaga jahli chiqib ketadigan yoki tez-tez yig‘laydigan bo‘lib qoladi. Nega shunday?

Javob:
Xulq-atvori qay darajada buzilishi bosh miyaning qaysi yarim shari zararlanganiga ko‘p darajada bog‘liq. Agar insult bosh miyaning chap yarim sharida rivojlansa, tananing o‘ng tomonida kuzatiladigan falajliklar (gemiparez) va sezgi buzilishlari (gemianesteziya) nutq buzilishlari (afaziyalar) bilan namoyon bo‘ladi, agar insult bosh miyaning o‘ng yarim sharida ro‘y bersa, falajliklar va sezgi buzilishlari tananing chap tomonida kuzatiladi, biroq nutq buzilmaydi.

Savol: Bosh miyaning chap yarim sharida insult ro‘y bersa, qanday belgilar paydo bo‘ladi?

Javob:
Tananing o‘ng tomonida falajliklar va sezgi buzilishlari rivojlanadi, nutq buziladi. Oyoq-qo‘llardagi falajliklar (gemiparez) va sezgi buzilishlari (gemianesteziya) nutq buzilishlari (motor va sensor afaziyalar) bilan birgalikda namoyon bo‘lishi bemor uchun og‘ir psixologik jarohatdir.

Nutqning to‘satdan buzilishi bemor psixologiyasini o‘zgartirib yuboradi, u atrofdagilar nutqini faqat tovush holatida eshitadi, ma’nosini tushunmaydi. O‘zi ham fikrini tushuntirib bera olmaydi, buning natijasida bemor jizzaki bo‘lib qoladi, yaqinlariga qattiq gapiradi, hadeb gapirishga urinaveradi, biroq fikrini to‘g‘ri bayon qila olmaydi. Bu holat sensor afaziya uchun xosdir. Ba’zan bemor indamay yotadi, faqat atrofdagilarning savoliga javob berishga urinadi, oddiyroq savollarga javob beradi ham, biroq o‘zi gapirmay yotadi. Bu holat motor afaziya uchun xosdir.

Nutq, odatda, falajliklarga qaraganda oldinroq tiklanadi. Masalan, insultning o‘tkir davridayoq (21 kun ichida) nutq tiklana boshlaydi. Nutqning tiklanish darajasi insultning turi, zararlangan joy hajmi va albatta, davolash jarayonining qanday olib borilayotganiga bog‘liq.

Savol: Xulq-atvor qanday o‘zgaradi?

Javob:
Surunkali alkogolizmdan aziyat chekayotgan bemorda insult rivojlansa, nutq buzilishlari xulq-atvorning keskin buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi va nutq ham kech tiklanadi. Bunday bemorlar bilan muloqot qilish juda qiyin bo‘lib, ular vrach va yaqinlarining aytganlarini bajarmaydi, tez urishib ketadi yoki yig‘layveradi, ovqat yeyishdan bosh tortadi, tagiga siyib yuboradi. Uni parvarish qilish (soch-soqolini olish, cho‘miltirish va h.k)ga yo‘l qo‘ymaydi, davolash muolajalaridan voz kechadi. Tabiiyki, bunday bemorlarni davolash shifokorlar uchun qiyinchiliklar tug‘diradi.

Odatda, nutqi buzilgan odamning xulq-atvori ham tez o‘zgaradi. Bunga nutqi rivojlanmay qolgan bolalarni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Ularning aksariyatida xulq-atvor o‘ta buzilgan bo‘ladi. Inson xulq-atvorining boshqaruvchanligi ham unda nutq funksiyasining mavjudligiga bog‘liq. Agar insult uzoq paytdan buyon xafaqon kasalligi, ateroskleroz, qandli diabet va yurak kasalliklari bilan og‘riyotgan bemorlarda rivojlansa, nutq tiklanishi xam qiyin kechadi. Insult o‘tkazganlarda nutq tiklangandan so‘ng davolash jarayonidagi ba’zi qiyinchiliklar barham topadi, bemor endi o‘z tanasida kechayotgan kasallik alomatlarini yaqinlari va shifokorlarga bemalol aytib bera oladi, ularning tavsiyasini bajara boshlaydi va natijada davolash jarayonida ijobiy natijalar yuz beradi.

Savol: Bemorda qo‘rquv va xavotir ham kuzatiladimi?

Javob:
Bosh miyaning chap yarim sharida ro‘y bergan insultlarda xavotir bilan kechuvchi nevrotik holatlar ko‘p kuzatiladi. Aynan mana shu xavotirli nevrozning mavjudligi chap yarim shar insultini o‘ng yarim shar insultida kuzatiladigan xulq-atvor buzilishlaridan farqlovchi belgilardan biridir. Xavotir qanday ko‘rinishda namoyon bo‘ladi? Bemor insult oqibatida tanasida paydo bo‘lgan kasallik alomatlaridan aziyat chekaveradi, vrachning har bir tashrifida nutqi va harakat faoliyatining tiklanib ketish-ketmasligi haqida so‘rayveradi, vrachning har bir so‘ziga xavotir bilan quloq tutadi, uning tavsiyalarini so‘zsiz bajarishga intiladi, davolash natijasida ro‘y berayotgan har bir ijobiy o‘zgarishdan xursand bo‘ladi.

Albatta, miyaning chap yarim shari insultlari uchun xos bo‘lgan xavotir bilan kechuvchi bunday simptomlar uning tezroq sog‘ayib ketishiga yordam beradi. Shuning uchun ham miyaning chap yarim shari insultlarida nevrologik funksiyalarning tiklanish jarayoni o‘ng yarim shari insultlariga qaraganda tezroq kechadi. Chunki xavotirli nevroz o‘ng yarim shar insultlarida kuzatilmaydi.

Savol: Bosh miyaning o‘ng yarim sharida insult ro‘y bersa, qanday belgilar paydo bo‘ladi?

Javob:
Tananing chap tomonida falajliklar va sezgi buzilishlari rivojlanadi. Nutq va u bilan bog‘liq bo‘lgan aksariyat oliy ruhiy funksiyalar (o‘qish, yozish) saqlanib qoladi. Buning sababi, miyaning o‘ng yarim sharida nutq markazlarining bo‘lmasligidir (o‘naqaylarda).
Bosh miyaning o‘ng yarim shari, asosan, o‘z tanasining tuzilishi haqida miyaga kelayotgan taassurotlarni analiz va sintez qilish uchun javob beradi. Demak, o‘ng yarim sharning zararlanishi tana tuzilishini noto‘g‘ri qabul qilish simptomlarini yuzaga keltiradi. Bemorning boshi yoki bir qo‘li kattalashib ketayotgandek, qo‘li yoki oyog‘i tananing boshqa qismlarida joylashgandek, tananing chap tomoni xuddi birovning tanasidek, chap qo‘li o‘ziniki emas, birovnikidek yoki yonida g‘o‘la yotgandek tuyuladi.

Ba’zi hollarda bemorning yarim falajlangan chap qo‘li uni bo‘g‘moqchi bo‘lsa, o‘ng qo‘li esa bunga yo‘l qo‘ymaydi, chap qo‘lni itarib yuboradi. Ba’zan chap qo‘l xuddi kichik hayvonlar (mushuk, olmaxon, quyon) ko‘rinishida bemorga erkalanadi yoki bemor o‘ng qo‘li bilan chap qo‘lini silaydi. «Nimaga bunaqa qilayapsiz?» desa, u «Mushugimni erkalatayapman» deydi. Go‘yoki tana ikkiga bo‘lingan-u, uning har yarmi o‘zicha faoliyat ko‘rsatayapti. Bemor insult oqibatida o‘z tanasida paydo bo‘lgan nuqsonlarni (falajliklarni) inkor qiladi, mening oyoq-qo‘llarim ishlayapti deydi. Bunday holat anozognoziya deb ataladi.

Savol: O‘ng yarim shar insultida ham xulq-atvor o‘zgaradimi?

Javob:
Bemor falajliklar sababli bir necha kundan buyon to‘shakka mixlanib qolgan bo‘lsa-da, «Men hozirgina hojatga borib keldim, turib hovlida yurdim» deydi. Bemor kiyinayotganda ham chap tomonni to‘la inkor qiladi: ko‘ylagining o‘ng yengini, oyoq kiyimining o‘ng tomondagisini kiyadi, lagandagi ovqatning (masalan, oshning) faqat o‘ng tomondagisini yeydi, eshikdan kirayotganda chap yelkasini eshikka urib kiradi. Soqol olayotganda yuzining chap tomoni qolib ketadi, tishini yuvayotganda faqat o‘ng tomonini yuvadi va h.k.

Demak, chap tomon butunlay inkor qilinadi, go‘yoki fazoning chap tomoni yo‘qdek. Bemor o‘z kasaliga juda befarq bo‘ladi, vrachlar va yaqinlarining kasallikka oid bergan tavsiyalarini inkor qiladi: «Joyingizdan turmang, sizga turib yurish mumkin emas» desa, «Xo‘p bo‘ladi» deb javob beradi-yu, baribir turib yuradi, vrach tavsiyasiga ko‘ra vaqtida bajarish lozim bo‘lgan jismoniy mashqlarni bajarmaydi, falajlangan qo‘l va oyoqlari qanday holatda bo‘lsa, shu holatda yotaveradi, bir oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lgan harakatlarni faollashtirishga urinmaydi.

Savol: Bemorning hissiyotida qanday o‘zgarishlar yuzaga keladi?
Javob:
Bemor o‘zidan-o‘zi yig‘laydigan bo‘lib qoladi, ba’zan arzimagan narsaga kuladi. Tabiiyki, ularda harakat funksiyalarining tiklanishi o‘ta sust kechadi. Shuning uchun ham o‘ng yarim sharda yuz bergan insultlarda bemorning sog‘ayib ketishi chap yarim shar insultiga qaraganda sust kechadi. Bemorda o‘z tanasini idrok qilishning buzilishi atrof-muhitni idrok qilishning buzilishi bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Masalan, bemor uydan chiqib ketib, o‘z uyini to‘g‘ri topib kela olmaydi, ko‘chaning boshqa tomoniga ketib qoladi, avval tanish bo‘lgan do‘kon yoki bozor qaysi tomonda joylashganligini adashtiradi.

Savol: Insult ro‘y bersa, nima qilish kerak? Bemorni o‘rnidan qo‘zg‘atmaslik kerak degan gaplar to‘g‘rimi?

Javob:
Insult rivojlangan zahoti bemor zudlik bilan shifoxonaga yotqizilishi va tibbiy-psixologik yordam kasallikning dastlabki soatlaridanoq boshlanishi kerak! Bu yerda ikkilanishga hech qanday o‘rin yo‘q! «Bemorni qo‘zg‘atmaslik kerak, biron soat uyda bo‘lsin, hozir mumkin emas» qabilidagi gaplar noo‘rindir. Aksincha, insult rivojlangandan so‘ng 3-6 soat ichida ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam bemorning to‘la tuzalib ketishi, endi boshlanayotgan falajliklarning oldini olish va qolaversa, bemorning hayotini saqlab qolishga olib keladi.

Ba’zan insult rivojlangandan so‘ng «Tez yordam» mashinasi yetib kelgach, bemorning yaqinlari «Hozir bemorning ahvoli og‘ir, bir oz shoshmay turaylik, qon bosimi joyiga kelsin, yo‘lda bir gap bo‘lib qolishi mumkin» deb, yetib kelgan vrachni arosatda qoldirishadi. Odatda, bemorning bir nechta qarindoshlari orasida qolgan vrach ularning aytganiga ko‘nadi yoki «Bemor yo‘lda yomon bo‘lib qolsa, javob berasizmi?» qabilidagi savollardan cho‘chib, bemorni uyda qoldiradi.

Vrach bu so‘zlarga e’tibor qilmasdan, bemorga dastlabki tibbiy yordamni ko‘rsatib, darhol shifoxonaga yetkazishi zarur. Mabodo tibbiy yordam o‘z vaqtida ko‘rsatilishiga qaramasdan bemorning ahvoli shifoxonaga olib borayotganda og‘irlashib qolsa, darrov vrachni ayblash kerak emas, chunki insultning dastlabki kuni o‘lim va boshqa og‘ir holatlar ko‘p kuzatiladi. Bunday vaziyatlarda bemorga malakali tibbiy yordamni faqat shifoxona sharoitida ko‘rsatish mumkin. Bu qoidani vrach ham, bemorning yaqinlari ham bilishi lozim.

Chunki uyda qoldirilgan bemorga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish o‘ta mushkul. Kasallikning dastlabki kuniyoq diagnostik maqsadda orqa miya suyuqligi tekshirilib yoki MRT qilinib, insultning turi aniqlanishi kerak!

Odatda, insult rivojlangandan boshlab 21 kungacha bo‘lgan davr insultning o‘tkir davri hisoblanib, bu davrda bemor shifoxonada davolanadi. Kasallikning o‘tkir davrida bemor¬ning hushi buzilib, falajliklar, nutq va xulq-atvor buzilishlari yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Bu davrda unga ruhiy tinchlik o‘ta zarurdir! Shuning uchun bemorni ko‘rishga kelayotganlar sonini keskin kamaytirish lozim, uning yonida turmush o‘rtog‘i yoki farzandlaridan biri (ular bo‘lmaganda qarindoshlari) parvarish qilish uchun qolishi mumkin. Chunki har qanday tashrif kechagina oyoqda yurgan, bugun esa to‘shakka mixlanib qolgan bemorga ruhiy jarohat yetkazishi mumkin. Bunday holatlar, ayniqsa, birga ishlaydiganlar va qo‘ni-qo‘shnilar tashrif buyurganda ro‘y berishi ehtimoldan holi emas.

Agar bemor: «Tanishlarim meni ko‘rgani kelishayaptimi?» deb so‘rasa, unga «Albatta kelishayapti, biroq doktorlar ularga ruxsat berishmayapti, bir oz tuzalganingizdan so‘ng ularni yoningizga qo‘yishadi. Barcha kelib-ketayotganlar sizni tezroq sog‘ayib ketsin deyishmoqda» qabilidagi so‘zlar bilan bemorni tinchlantirish lozim. Ayniqsa, nutqi buzilgan bemorlar yoniga keluvchilar sonini nutq tiklangunga qadar to‘xtatib turish lozim. Nutq esa aksariyat hollarda 2-3 hafta ichida tiklana boshlaydi.

Davolash muolajalari to‘g‘ri va o‘z vaqtida olib borilsa, oldin bemorning oyoqlarida harakat paydo bo‘ladi, qo‘lning tiklanishi esa bir oz sust boradi. Chunki miya po‘stlog‘ida joylashgan oyoq markazlarini ikkala qon tomir qon bilan ta’minlaydi, qo‘l markazlarini esa faqat bitta qon tomir qon bilan ta’minlaydi. Shuning uchun ham ushbu arteriya sohasida kuzatilgan insultlarda qo‘l harakatlarining tiklanishi sust chekadi.

Savol: Bemor shifoxonadan chiqqandan so‘ng uni qanday parvarish qilish kerak?

Javob:
Bemor shifoxonadan har doim ham tuzalib chiqib ketmaydi. Chunki 3 haftada falajlangan qo‘l va oyoqlar to‘la tiklanmasligi mumkin. Ba’zi hollarda nutq ham to‘la tiklanmay qoladi. Insultda buzilgan funksiyalarning tiklanishi, odatda, bir yil mobaynida davom etadi. Biroq vaqt o‘tgan sayin tiklanish jarayoni sustlashib boradi. Shuning uchun ham ushbu davrda reabilitatsiya usullari o‘ta mas’uliyat bilan olib borilishi kerak.

Afsuski, insult o‘tkazgan bemorlarda turli darajada ifodalangan nogironlik 80 % ga yetadi. Hech qanday o‘tkir rivojlanuvchi kasallikda nogironlik bu darajada yuqori emas. Demak, ushbu bemorlarni normal hayot tizimiga qaytarish lozim bo‘ladi. Bu yo‘nalishda bir qancha mutaxassislar, ya’ni reabilitologlar, nevropatologlar, psixologlar, logopedlar, terapevtlar ishtirok etadi. Umumiy amaliyot shifokori esa ushbu mutaxassislarning ko‘rigini ta’minlaydi va ularning tavsiyalariga asoslanib, bemorni davolaydi va kuzatib boradi.

Insultning og‘ir turini o‘tkazgan bemorlarga o‘z-o‘zini eplay olish, ya’ni ovqatlanish, yuvinish, cho‘milish, soqol olish, kiyinib-yechinish, hojatxonaga borib kelish kabi kundalik yumushlarni mustaqil ravishda bajara oladigan holatga keltirish reabilitatsiyaning asosiy vazifalaridan biridir. Insult yengil kechgan holatlarda esa mehnat qobiliyatining tiklanish darajasiga qarab bemorni avval o‘zi faoliyat ko‘rsatgan ishlarga yana jalb qilish mumkin.

Insultda kuzatiladigan falajliklarda mushaklar tonusining keskin oshishi bo‘g‘imlarda harakatlarning pasayishiga sababchi bo‘ladi. Mushak-bo‘g‘im kontrakturalari (qotib qolishlar), ayniqsa, qo‘l panjalari va tirsak bo‘g‘imida kuchli ifodalangan bo‘ladi. Bu holat tabiiyki, bemorga o‘zini eplash bilan bog‘liq bo‘lgan yumushlarni bajarish imkoniyatini chegaralaydi. Bu muammolarni bartaraf etish yoki oldini olish uchun turli jismoniy mashqlar mavjud.

Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra bemor ushbu mashqlarni bajarishi, falajlangan oyoq-qo‘llarga nuqtali uqalashlar olishi, fizioterapevtik muolajalarni va mushak tonusini pasaytiruvchi dorilarni iste’mol qilishi zarur. Nutq buzilishlarini davolashda dorivor vositalardan tashqari logopedik muolajalar o‘tkazish ham o‘ta muhimdir. Odatda, kasallik sababli paydo bo‘lgan nutq va xulq-atvor buzilishlarini neyropsixologlar davolashi zarur. Neyropsixologlar yo‘q joylarda neyropsixologik muolajalar¬¬¬ni yaxshi tushunadigan nevropatolog yoki tibbiy psixolog davolash muolajalarini o‘tkazishi mumkin.

Savol: Insult o‘tkazgan bemorlar mehnat faoliyatini davom ettirishi mumkinmi?

Javob:
Insult o‘tkazgan bemorlarni jamiyatdan va oilada bo‘layotgan tadbirlardan cheklash aslo mumkin emas. Bemorni oilaviy va mahallada rejalashtirilayotgan ishlarga uning imkoniyat darajasiga qarab jalb qilish lozim. Aks holda bemor o‘zini oilaga ham, jamiyatga ham keraksiz deb his qilib, chuqur depressiyaga tushadi va psixologik izolyatsiyada qoladi. Ba’zi hollarda kasallik sababli bir oy ichida ish joyi va yaqinlarining e’tiborini yo‘qotgan bemorda o‘z joniga qasd qilishlar ham ro‘y berib turadi. Ushbu bemorning hayot tajribasidan mahalla faollari, qarindoshlar va oila a’zolari unumli foydalanishlari lozim.

INSULT O‘TKAZGAN BЕMOR VA UNING YAQINLARIGA FOYDALI MASLAHATLAR

1.Avvalombor, bemor atrofida sog‘lom psixologik muhit yaratilishi kerak. Tuzalishga optimistik ruhda bo‘lgan bemor pessimist bemorga qaraganda ancha tez tuzalgan va hatto avvalgi ishiga qaytgan. Buni mening o‘zim ham ko‘p bora kuzatganman. Optimizm, optimizm va yana bir bor optimizm!

2.Insult o‘tkazgan bemorda eng katta muammo – bu tananing bir tomonida harakat chegaralanib qolishi va nutq buzilishi (hammasida ham emas). Nutq faqat inson uchun xos bo‘lgan eng oliy ne’mat. Demak, bemorning nutqini tiklash bilan albatta shug‘ullanish kerak. Bu ish bilan shu sohani biladigan neyro¬psixolog yoki logoped shug‘ullanadi. Bemor atrofdagi¬larning gapini tushunsa va o‘zi ham gapirib boshlasa, uning kayfiyati ko‘tariladi, qon bosimi me’yorga tushadi va oyoq-qo‘llardagi falajliklar ham orqaga chekinib boshlaydi.

3.Bemor joylashgan xona keng va ozoda bo‘lib, unga quyosh nuri tushib turishi kerak. U bilan doimo yaxshi voqealar haqida suhbat qurish va tuzalib ketishiga har doim ishonch tug‘dirib yashash lozim.

4.Bemor tananing harakatsiz tomoniga suyanib uxlab qolmasligi kerak, aks holda falajlangan oyoq-qo‘l tiklanishi sust kechadi, ba’zida suyak sinishi ro‘y berishi mumkin.

5.Yengil hazm bo‘ladigan ovqatlar iste’mol qilish lozim. Ovqat ratsionida meva-sabzavotlar, ko‘katlar ko‘p bo‘lishiga har doim e’tibor qaratish kerak. Insult o‘tkazganlarda qabziyat ko‘p kuzatiladi. Qabziyat – nafaqat ishtaha buzilishi, balki qonning quyuq bo‘lishi, qon bosim oshishi va tungi bezovtaliklar sababchisidir. Bemor katta tahoratga bir kunda kamida ikki marotaba chiqishi lozim.

6.Oilada tanometr bo‘lishi va oila a’zolaridan birortasi qon bosimni o‘lchashni hamda ukol qilishni bilishi lozim. Uyda qon bosim oshib ketsa, uni tushiradigan zarur dorilar har doim bo‘lishi kerak.

7.Insultning asosiy sababi qon bosim oshishi, qon quyuqlashuvi va qonda xolesterin miqdori oshishi bo‘lganligi bois, qon bosimni tushiruvchi, qonni suyultiruvchi (masalan, tarkibida aspirin saqlovchi) va xolesterin miqdorini kamaytiruvchi dorilarni vrach ko‘rsatgan dozada va ko‘rsatilgan muddatgacha qabul qilib yurish kerak. Bu ko‘rsatmalarga amal qilinsa, insult yana bir bor qaytalanishiga chek qo‘yiladi.

8.Insult o‘tkazgan bemorlar uchun jismoniy mashqlar mavjud. Ularni reabilitolog maslahatlariga asoslanib qilib turish kerak. Hozirda turli xil kompyuterlashtirilgan kreslolar ham mavjud. Ularda maxsus dasturlar bor. O‘sha dasturlar asosida falajlangan va sog‘lom oyoq-qo‘lni bir xil harakatlantirib ko‘p natijalarga erishish mumkin.

9.Bo‘yin qon tomirlarini ultratovush tekshiruvidan o‘tkazib turish kerak. Chunki bu tomirlar miyaga qon olib boruvchi asosiy tomirlar bo‘lib, ularning ichki devoriga xolesterin to‘planib, torayib borishi insult rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Kimki 40 yoki 50 yoshdan oshgan bo‘lsa, bunday tekshiruvdan o‘tib turishi insultning oldini olishga yordam beradi.

10.Bemor turib yurishni boshladimi, bu jarayonni hech to‘xtatmaslik kerak. Ba’zi bemorlarning oyoq-qo‘llarida kuch paydo bo‘lsa-da, yurishga cho‘chishadi. Qo‘ltiqoyoqda bo‘lsa ham yurish kerak. Albatta bemorning yonida har doim baquvvatroq odam ham yurishi lozim. Agar har kuni xonada yoki hovlida yurishni davom ettiraversa, bu bemor uchun katta yutuq. Qachon yurib boshlash mumkinligini Sizni kuzatayotgan vrach albatta aytadi va Siz uning tavsiyalariga albatta amal qilishingiz kerak! Sog‘ayib keting!

Professor Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)