17:10 / 02.02.2021
895

Buxoroda Tico haydovchisi YPX xodimiga bo‘ysunmay, uni sudrab ketdi

Buxoroda Tico haydovchisi YPX xodimiga bo‘ysunmay, uni sudrab ketdi
Ijtimoiy tarmoqda 1 fevral, dushanba kuni «Buxoroda Tico haydovchisi YPX xodimini avtomobil kapotida sudrab ketdi» sarlavhasi ostidagi videolavha tarqaldi. Voqea yuzasidan Buxoro viloyati IIB axborot xizmati ma’lumot berdi.

Videolavhada aks etgan holat Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan bo‘lib, aniqlanishicha, 29 yanvar kuni soat 15:30 larda Buxoro viloyati IIB YHXB boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan qaydnoma asosida YPX katta inspektori, kichik serjant Sh.R. Vobkent tumani hududida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida xizmatga jalb qilingan.

Tumanning «O‘ba Kulolon» mahallasi Kulolchi ko‘chasida fuqaro M.S. tanishi N.A.ga tegishli bo‘lgan Tico rusumli avtomobilda svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtamasdan harakatlanib kelganligi sababli YPX inspektori yo‘lning qatnov qismiga chiqib, haydovchiga to‘xtash ishorasini ko‘rsatgan. Fuqaro M.S. YPX inspektori turgan yo‘nalishda boshqarishni davom ettirib, sodir etgan huquqbuzarligi uchun javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida avtomashinani to‘xtatmasdan xodimga juda yaqin masofaga qadar boshqarib borgan. Oqibatda xodim yo‘l chekkasiga qochishga ulgurmasdan, avtomashina kapoti ustiga chiqib qolgan.

«Shunday bo‘lsa-da, haydovchi M.S. avtomashina bilan harakatlanishda davom etib, taxminan 50—60 metr masofada inspektorni transport vositasi kapoti ustida olib yurib to‘xtagan. Shundan so‘ng YPX inspektori haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirgan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Yuqoridagi holatda hech kimga tan jarohati yetmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)