08:35 / 15.04.2021
2 097

O‘zbekiston bobo haqida eshitganmisiz?

O‘zbekiston bobo haqida eshitganmisiz?
Foto: «Xalq so‘zi online»
«Xalq so‘zi online» Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida O‘zbekiston ismli insonning farzandlari va nabiralari yashayotgani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Nashrning yozishicha, shahardagi 12-maktab direktori Malika Alimardonova O‘zbekistonovna bo‘lib, u O‘zbekiston ismli insonning farzandi hisoblanadi.

Guliston shahridagi 12-maktab direktori o‘zini tanishtirdi: «Alimardonova Malika O‘zbekistonovna». Demak, otasining oti O‘zbekiston. Xo‘sh, ismi Vatan nomida bo‘lgan bu kishi kim edi?

— Bo‘riboy bobom Mirzacho‘lni yoppasiga o‘zlashtirishdan avval Guliston tumaniga,hozir biz avlodlari yashayotgan mahallaga ko‘chib kelgan, — deydi Malika Alimardonova. — U vaqtlari bu yerlar yaydoq bo‘lgan. Bobom va ular bilan birga mehnat qilganlarning fidoyiligi tufayli keyinchalik cho‘l o‘rni bo‘stonga aylangan. Bobom ko‘p yillar brigadirlik qilgan. Rahmatli otam u kishining uchinchi farzandi, 1949 yilda tug‘ilgan. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti va yana bir necha oliy o‘quv yurtlarida o‘qigan. Mahallamizdagi yirik parrandachilik fabrikasida iqtisodchi, Yangiyerdagi ana shunday xo‘jalikda esa direktor bo‘lib ishlagan.

Malika Alimardonovaning aytishicha, Bo‘riboy boboning to‘ng‘ich farzandi Rustam ham Moskva davlat universitetida ta’lim olgan. Ikkinchi o‘g‘lining oti esa Doston. Kenjasiga Ulug‘bek deb ism qo‘ygan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, barcha ismlar o‘zbekona, tarix va millat yuzini aks ettirgan otlar. Bu mustabid tuzum davrida ham O‘zbekistonimizni ulug‘lagan oddiy bir dehqonning o‘z Vataniga bo‘lgan mehr-muhabbatining ifodasidir.

Ha, darvoqe Bo‘riboy bobo nabiralaridan biriga Guliston deb ham ism qo‘ygan, Mirzacho‘l bag‘rida qad ko‘targan ko‘rkam shahar sharafiga. Guliston O‘zbekiston o‘g‘li hozir o‘qituvchilik qilmoqda. Aytish lozimki, Bo‘riboy bobo avlodlarining aksariyati el-yurt ishida fidoyi insonlar, oliy ma’lumotli mutaxassislardir. «Bobomning «Men ketmonchi bo‘lib o‘tayotgan bo‘lsam, sizlarning qo‘lingizda qalamu kitob bo‘lsin» degan nasihatlari u kishining barcha avlodlari uchun umr maqsadiga aylangan» deydi nafaqat Guliston shahri, balki viloyat va respublika miqyosida ham namunali bo‘lgan maktabga rahbarlik qilayotgan Malika Alimardonova.

... Yaqinda karate bo‘yicha respublika musobaqasida O‘zbekiston boboning nabirasi, 4-sinf o‘quvchisi Baxtiyor ikkinchi o‘rinni egalladi, g‘oliblarni e’lon qilish asnosida «Baxtiyor O‘zbekistonov» degan ism-familiya o‘zgacha viqorli va ulug‘vor jarangladi. Niyat shuki, bu nom jahon maydonlaridagi «O‘zbekiston» so‘zi yonida ham baralla yangrasin, ya’ni «Baxtiyor O‘zbekistonov. O‘zbekistooon!» deya. So‘ngra butun dunyo lol qolsin, jahonda Vatanga bo‘lgan muhabbatini ismga jo qilgan xalq borligidan!

Sariq belbog‘ sohibi O‘zbekistonov Baxtiyor Otabekovich
Va shunisi aniqki, hali yer yuzida o‘z mamlakati nomini bu qadar ardoqlagan oddiy bir dehqon ham qayd etilmagan, Bo‘riboy akadek.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston bobo haqida eshitganmisiz?