12:42 / 06.12.2021
2 987

Bag‘dodning Gulistonidagi ko‘p qavatli uylar sifatsiz qurilganmi?

Bag‘dodning Gulistonidagi ko‘p qavatli uylar sifatsiz qurilganmi?
Foto: Xalq so‘zi
Shu kunlarda Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi Guliston mahallasida bunyod etilgan ko‘p qavatli uylarning poydevor qismi va devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgani uchun ba’zi uylar buzilayotgani haqida turli xabarlar tarqaldi.

Bugun hamyurtlarimiz o‘rtasida qizg‘in muhokama va turli munosabatlarga sabab bo‘layotgan ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan mahalliy va respublika OAV vakillari, blogerlar ishtirokida zamonaviy shaharcha bo‘ylab press-tur tashkil etildi. Unda ishtirok etgan “Xalq so‘zi” muxbiri tumandagi 4 ta sektor rahbarlari, tegishli mutasaddi idoralar mas’ullari hamda yangi uy sohiblari bilan suhbatlashdi.

— Atigi olti oyda markazdan olisda joylashgan bitta mahallada 61 ta — 1 ming 250 xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirilgani aslida davlatimizning yuksak iqtisodiy salohiyati va qudratidan dalolatdir, — deydi Bag‘dod tumani hokimi Vosiljon Nazarov. — “Mahallabay” o‘rganishlar jarayonida tumanda eng og‘ir muammo — uy-joy masalasi ekanligi aniqlangach, mazkur tashabbus ilgari surildi. Boisi tumanda 3 mingta oila ikki va undan ortiq kelini bilan yashayotgani uchun har oyda o‘rtacha 350-400 ta oila uy-joy ta’minoti masalasida yordam so‘rab murojaat qilar edi.

Bu uylarning 48 tasi 29 nafar xususiy tadbirkorning mablag‘i hisobiga qurib bitkazildi. Bugun mamlakatimizda “Bag‘dod tajribasi” sifatida e’tirof etilayotgan mazkur qurilish jarayonida hududda megapolis shaharlarga xos zamonaviy infratuzilma yaratildi. Hozirgi kunda shaharchaga 900 ga yaqin oilalar ko‘chib kelib istiqomat qilmoqda.

Farg‘ona viloyati qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Saidjon Zokirovning ma’lum qilishicha, loyihadan tortib, barcha jarayonlar 22 nafar inspektor, texnik bo‘lim, sifat laboratoriyasi mutaxassislari nazoratida bo‘ldi. Shuning uchun ham shaharchadagi birorta ko‘p qavatli uyda poydevor qismi va devorlarida yoriqlar kuzatilgani yo‘q. O‘z-o‘zidan uylarning buzilayotgani haqidagi xabarlar ham yolg‘on.

Manzura Homidova ushbu mahallaning Bunyodkor ko‘chasi, 7-uy, 4-xonadonda yashaydi.

— Ikki xonali uyda turmush o‘rtog‘im, ikki farzandimiz bilan zamonaviy sharoitda yashayapmiz. Uy sifati bilan bog‘liq muammo yo‘q. Agar kim shunday xabar tarqatgan bo‘lsa, biznikiga mehmonga kelsin. O‘z ko‘zlari bilan ko‘rishsin va havas qilishsin, — deydi M. Homidova.

— Ko‘p yillardan buyon ko‘zim yaxshi ko‘rmagani uchun qiynalaman, - deydi Bunyodkor ko‘chasi, 15-uy, 3-xonadon egasi Xudoybergan Ismoiddinov. — Gapning ochig‘i, bunday ahvolda ro‘zg‘ordan orttirib, yigirma yilda ham uch xonali bu kabi shinam uyni sotib ololmas edim. Keyin uyning sifatida bo‘yicha ham hech qanday e’tiroz bo‘lishi mumkin emas. Doimiy shifokor nazoratida ekanligimni inobatga olib, tuman hokimligi uyning boshlang‘ich badalini to‘lab berdi. Turmush o‘rtog‘im hududdagi xususiy korxonaga ishga joylashdi. O‘tgan qisqa fursatda uyli, muqim daromadli bo‘lib, oilamizning ahvoli butkul o‘zgardi.

Guliston mahallasida bugun chin ma’noda obodlik, farovonlik hukm surmoqda Ijtimoiy tarmoqlarda anonim tarzda ba’zi uydirmalarni tarqatayotganlarga xulosa o‘rnida bir gapni aytish mumkin: pana-pastqamda yashirinib, tosh otish o‘rniga, keling, bu yerdagi yangilanish va o‘zgarishlar zora mudrab yotgan vijdoningizni uyg‘otib borsa...

Botir Madiyorov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bag‘dodning Gulistonidagi ko‘p qavatli uylar sifatsiz qurilganmi?