13:20 / 12.12.2021
2 356

Adliya vazirligi qizlarga «gap otgan»larni javobgarlikka tortishni taklif qilmoqda

Adliya vazirligi qizlarga «gap otgan»larni javobgarlikka tortishni taklif qilmoqda
O‘zbekiston Adliya vazirligi qizlar va ayollarni ta’qib va zo‘ravonliklardan himoya qilish bilan bog‘liq qonunchilikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlikning qayd etishicha, ayollar ko‘cha, ish va o‘qishda ta’qib va bezorilik holatlariga duch kelmoqda. Uyda ular nafaqat turmush o‘rtoqlari, balki qaynota va boshqa qarindoshlarining ham bosimlari qurboni bo‘lishmoqda.

«Eng achinarlisi, bog‘cha, maktab yoshidagi qizlarga zo‘ravonlik qilish holatlari kuzatilmoqda», — deyiladi Adliya vazirligi xabarida. «Ayollar o‘rtasida tazyiq va zo‘ravonlik natijasida o‘z joniga qasd qilish, farzandlarining hayotiga suiqasd qilish holatlari uchrab turibdi», — deyiladi xabarda.

Adliya vazirligi qonunchilikni kuchaytirish bo‘yicha quyidagi takliflarni ilgari surdi:
1. Ta’qibga javobgarlik yo‘q. Qonunchilikda «ta’qib etish» (stalking), ya’ni qizlarning, ayollarning orqasidan kuzatib yurish tushunchasi yo‘q. Demak ushbu holatdan himoyalanish mexanizmlari ham mavjud emas. Ta’qib qilish oqibatida xotin-qizlarda kuchli ruhiy tushkunlik, qo‘rquv, o‘zini himoyasiz his qilish, odamovilik kabi hissiyotlar yuzaga keladi.

«Buning oldini olish maqsadida qonunchilikka «ta’qib etish» (stalking) tushunchasini kiritish hamda ta’qib ostida qolgan xotin-qizlarga ham himoya orderi berish tizimini joriy etish kerak. AQSH, Avstraliya va Fransiyada har 5 ayoldan 1 nafari ta’qibga uchragan va bu mamlakatlarda protetsionistik institutlar tashkil etilgan», — deyiladi xabarda.

2. Qonunchilikda ish va o‘qish davomida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar ish beruvchisining yoki ta’lim muassasasi rahbarining javobgarligi belgilanmagan. Ish yoki o‘qishda tazyiqqa uchragan ayollar va zo‘ravonlik qilgan shaxs o‘rtasidagi munosabatlarni cheklash tartibining yo‘qligi takroran zo‘ravonlik, tazyiq sodir etilishiga sabab bo‘ladi.

«Shuni inobatga olgan holda ish yoki o‘qishdagi jabrlanuvchi va tazyiq o‘tkazgan shaxs o‘rtasidagi har qanday aloqalarni cheklash lozim. Bunda ish beruvchilar zimmasiga zo‘ravonlar va jabrlanuvchining har qanday o‘zaro munosabatga kirishishiga cheklov o‘rnatish majburiyatini yuklash kerak».

3. Intim videolar tarqatilishiga chek qo‘yilishi lozim. Xotin-qizlarning turli ko‘rinishdagi rasmlari, videolarini tarqatish orqali ularning shaxsiy hayot daxlsizligini buzish holatlari ko‘plab uchramoqda. Bu holatlar kelgusida ularning hayotini tubdan o‘zgartirib, oilaviy munosabatlarning buzilishiga, jamiyatdan ajralib noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Amaldagi javobgarlik choralari ayollarni bunday harakatlardan to‘laqonli himoya qilish imkonini bermayapti.

«Ayollarning shaxsiy hayotiga turli «tajovuz"larning oldini olish maqsadida, shaxsiy hayot daxlsizligini to‘liq kafolatlagan holda, ularning intim hayot daxlsizligini buzganlik uchun alohida javobgarlikni belgilash zarur. Kanada, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Avstraliya va AQSHda intim fotosuratlar va videolarni tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud», — deyiladi xabarda.

4. Shelterlar kam. Bugungi kunga qadar zo‘ravonlikka uchragan qariyb 36 mingga yaqin ayolga himoya orderi berilgan, bu degani 36 ming ayolga yordam kerak. Biroq hozirda butun respublikada Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha markazlari atigi 29 ta, bu markazlar zo‘ravonlikka uchrayotgan ayollarni to‘liq qamrab olish imkoniyatini bermaydi.

«Ayollarga yordam ko‘rsatish institutlarini ko‘paytirishga xususiy tadbirkorlarni jalb qilish kerak. Bunda tadbirkorlarga, masalan, yer ajratishda, davlat bino va inshootlaridan foydalanishda, soliq, davlat grantlari, subsidiyalar, ijtimoiy buyurtmalarda imtiyozlar berish samara beradi», — deya hisoblaydi vazirlik.

5. «Gap otish», nafsoniyatiga tegish mumkin emas. Ayollarga turli gap-so‘zlar «otish», ularga nisbatan har xil izohlar aytish, tashqi ko‘rinishini baland ovozda tasvirlash, qiyoslash… bu holat barchamiz uchun oddiy holga aylanib qolgandek. Aslida, bu kabi harakatlar ayollarning erkin harakatlanishini chegaralaydi, ayrim hollarda ruhiy tushkunlik, sog‘liqqa ham zarar yetkazadi.

«Shu sababli, ayollarga nafsoniyatga tegishi mumkin bo‘lgan gap-so‘zlarni aytishni taqiqlash va ushbu harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik chorasini belgilash, shu bilan birga ayollarga shikast yetkazish holati uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish lozim. Belgiya, Portugaliya, Argentina, Kanada, Yangi Zelandiya va AQSH kabi mamlakatlarda bunday harakatlar kichik huquqbuzarliklar hisoblanadi va 750 yevrogacha jarimaga tortiladi» — deyiladi vazirlik xabarida.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vazirligi qizlarga «gap otgan»larni javobgarlikka tortishni taklif qilmoqda