TCL kompaniyasi Samsungʼni soxta Mini LED televideniyeda ayblab sudga berdi

Jahon bozorida yetakchi oʻrinlarni egallab kelayotgan yirik texnologiya kompaniyalari oʻrtasida yuridik ziddiyat yuzaga keldi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, TCL kompaniyasi AQShning Kaliforniya shtati Janubiy okrugi okrug sudiga Samsung Electronicsʼga qarshi rasmiy daʼvo kiritdi. Unga koʻra, janubiy koreyalik texnologiya giganti oʻzining 2026-yilgi M seriyali televizorlarini xaridorlarga notoʻgʻri reklama qilib, aslida Mini LED texnologiyasiga ega boʻlmagan qurilmalarni ushbu premiyali sinf sifatida sotayotganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
TCL taʼkidlashicha, Samsung arzonroq va oddiy LED displeyli bazaviy modelni olib, uni yangi avlod Mini LED qurilmasi sifatida bozorga chiqargan. Ushbu holat isteʼmolchilarni chalgʻitibgina qolmay, bozordagi adolatli raqobat muhitiga ham putur yetkazmoqda. Daʼvo arizasida keltirilishicha, Samsung oʻzining arzonroq M modeli televizorlarini joriy yilning mart oyida sotuvga chiqargan va ularning narxi TCL kompaniyasining eng arzon haqiqiy Mini LED televizorlaridan ham past boʻlgan.
Raqobat va bozor ulushi uchun kurash
Mazkur mojaroning kelib chiqishiga kompaniyalar oʻrtasidagi AQSh bozoridagi savdo koʻrsatkichlari ham sabab boʻlgan koʻrinadi. Daʼvo materiallariga koʻra, TCL 2023–2025-yillar oraligʻida AQShda Mini LED televizorlarini sotish boʻyicha Samsungʼni ortda qoldirishga muvaffaq boʻlgan. Sababi, oʻsha davrda Samsung raqobatbardosh narxlarda sifatli Mini LED mahsulotlarini yetkazib bera olmagan edi.TCL huquqshunoslari va vakillarining fikricha, Samsung aynan shu ortqolishni yopish maqsadida isteʼmolchilarning yuqori sifatli tasvir va Mini LED texnologiyasiga boʻlgan talabidan foydalangan. Natijada soxta markirovka qilingan mahsulotlar orqali TCL kompaniyasining savdolariga, obroʻsiga hamda texnologik yutuqlariga jiddiy zarar yetkazilgan. TCL vakili R. K. Xarlan bu holatni isteʼmolchilarni ataylab adashishga majburlash deb atagan.
Tomonlarning rasmiy pozitsiyasi
Hozirgi vaqtda nizoli vaziyat boʻyicha ikki tomon ham oʻz haq ekanligini qatʼiy daʼvo qilmoqda. Samsung Electronics kompaniyasi tarqatgan bayonotida ushbu sud daʼvosiga qarshi qatʼiy kurashishini bildirdi. Kompaniya oʻz mahsulotlarining sifati va ularning tavsiflaridagi aniqlikka toʻlaqonli ishonishini taʼkidlagan.Shunga qaramay, TCL rasmiy talablarida Samsungʼning ushbu texnologiyani qoʻllashini sud yoʻli bilan cheklash yoki butunlay taqiqlash hamda yetkazilgan moddiy zarar uchun aniqlanmagan miqdordagi kompensatsiyani undirish talab qilingan. Mazkur sud jarayoni kelgusida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va televizorlar bozoridagi texnologik atamalarning haqqoniyligini taʼminlashda muhim pretsedentga aylanishi mumkin.






























Izohlar 0
…