Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida VIII–IX asrlarga oid toshdan qurilgan kuzatuv minorasi topildi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, viloyat madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasida Yakkabog‘ tumani Tatar tog‘larida taxminan VIII–IX asrlarga taalluqli toshdan qurilgan kuzatuv minorasi deya taxmin qilinayotgan obyekt aniqlandi.
Mutaxassislar tomonidan ushbu obyekt guvurgon, yaʼni zardushtiylarning daxmasi bo‘lgan degan taxminlar ham bor. Muqanna qalʼasining qurilish uslubiga o‘xshash tosh minorani atroflicha o‘rganish jarayonida hududda suv tegirmoni qoldiqlari va erigan metall ashyolari topildi.
Mazkur obyektdan maʼlum harbiy istehkom yoki ishlab chiqarishga mo‘ljallangan taʼminot sifatida foydalanilgani aytilmoqda. Hozirgi kunda boshqarma tomonidan yangi topilgan madaniy meros obyektning tarixiy qiymatini o‘rganish ishlari olib borilmoqda, olib borilgan izlanishlar natijasi yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot beriladi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring