Foto: “Daryo”
“Daryo”ning YouTube'dagi kanalida “Artist” loyihasidagi ishtiroki bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan yosh xonanda Yodgora G‘oyipova bilan intervyu tashkil qilindi. Yosh ijodkor nega loyihadan ketgani, Ozodbek Nazarbekovning tanqidi va otasining bevaqt o‘limi bilan bog‘liq savollarga javob berdi.
— Oilamizda san’atkorlar bo‘lgani uchunmi bolalikdan san’atga qiziqqanman. Ota tomondagi bobom san’at bilan shug‘ullangan. Onamning yordami bilan 12 yoshimda san’atga kirib kelganman. Ilk klipimni olib, televideniyalarga berganmiz. Prodyuserim onam bo‘lgan, ammo klip targ‘iboti qanday bo‘lishini bilmagan.
Maktabdagi tadbirlarda faol ishtirok etardim. Bir kuni sinfdosh dugonam aktyorlik mahorati bo‘yicha kurs ochilgani haqida aytib qoldi. Shunchaki qiziqib bordim va bir necha oy davomida Bekzod Mirzayevdan dars oldim. O‘sha yerda bir shoira opa bilan tanishib qoldim. U kishi menga ona haqida she’r yozib berdi. U insonning yordamida bastakorlar bilan tanishib, musiqa yozdirganmiz. Ungacha bastakor va musiqiy bezakchilar nima ish qilishini ham bilmasdim.
Onam san’atkor bo‘lishimga jiddiy qarshilik qilgan. Ancha vaqtgacha san’atkor bo‘lish qarorimdan qaytarishga uringan. “Hamma san’atkor yomon emas-ku, hamisha yonimda bo‘lasiz”, deb arang ko‘ndirganman, — deydi yosh ijodkor.
Yodgora G‘oyipova otasiz bo‘lsa-da, qiyinchilik ko‘rmay ulg‘aygani haqida gapirdi.
— Dadam rahmatli men tug‘ilmasimdan avval vafot etgan, yodgorlik qoldi deb menga Yodgora ismini qo‘yishgan. Dadamning aynan nima sababdan vafot etganini bilmayman, umri qisqa ekan. U insonni faqat rasmda ko‘rganman xolos. Shu bois, u insonning yo‘qligi u qadar sezilmagan. Agar u insonni ko‘rganimda juda qiyin bo‘lardi. Onam ikki farzand bilan qolgan va ayol boshi bilan bizni kam-ko‘stsiz ulg‘aytirishga harakat qilgan. Bolalikdan dunyo kezganmiz, ko‘rmagan davlatimiz qolmagan desam bo‘ladi. Onam tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi, qaysi brendning kiyimi yoki telefonini xohlasak hech qachon rad javobini olmaganmiz. Ijodda ham prodyuserim onam, — deydi Yodgora G‘oyipova.
Yosh xonanda “Artist” loyihasida ishtirok etishi va nega ulardan ranjigani haqida gapirdi.
— Loyihada g‘olib bo‘lish uchun ishtirok etmaganman. Shunchaki o‘zimni katta sahnada sinab ko‘rish uchun borganman. Bunday loyihalarda g‘olib bo‘lganni emas, aksincha mag‘lubiyatga uchraganlarni ko‘pchilik taniydi. Kastingda ikki mingta talabgor ishtirok etdi va ulardan 50 tasi tanlab olindi. Keyin yana 20 ta saralab olindi. Yettita sonida ishtirok etdim, ammo oxirgi sonlarida allergiyam qo‘zib, ishtirok etish ham yoqmagan. Shu bois loyihadan ketishga qaror qilganman va bu haqida sahnada aytganman. Lekin montajda gaplarim kesib tashlangan va “Yetarli ovoz to‘plolmagani uchun loyihadan chetlashtirildi”, deb gapirilgan. Aslida vaziyat butunlay boshqacha bo‘lgandi. Shu bois, ko‘rsatuv ijodkorlaridan bir oz ranjiganman, — deydi Yodgora.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring