Onkolog shifokorning g‘ayriodatiy gazagi barchani hayratga soldi

Onkolog shifokorning g‘ayriodatiy gazagi barchani hayratga soldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Saraton shifokori Amit Gargning muzlatilgan no‘xatni turli usullarda iste’mol qilish uslubi internetda keng muhokama qilindi.
  • Doktor Gargning ta’kidlashicha, muzlatilgan no‘xat yangi uzilgan mahsulotlar kabi oziqaviy qiymatga ega bo‘lib, u vino bokalida parmezan pishlog‘i, sariyog‘ va tuz bilan, ezilgan holda non ustiga surtish uchun dip sifatida, yoki grek yogurti, feta pishlog‘i, yalpiz va zaytun yog‘i bilan aralashtirib iste’mol qilinadi.

Saraton kasalliklari bo‘yicha shifokor Amit Gargning odatiy gazaklari ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, uning muzlatilgan no‘xatni g‘ayriodatiy usullarda iste’mol qilishi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

45 yoshli doktor Garg muzlatilgan no‘xatni yaxshi ko‘rishini aytib, bunday sabzavotlar yangi uzilgan mahsulotlar kabi oziqaviy qiymatga ega bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Uning gazaklar haqidagi videosi internetda tarqalib, qariyb 30 ming kishi unga munosabat bildirgan.

Shifokor no‘xatni uch xil usulda iste’mol qiladi. Uning birinchi variantida muzlatilgan no‘xat vino bokaliga solinib, unga parmezan pishlog‘i, sariyog‘ va tuz qo‘shiladi. Yana bir usulda no‘xat ezilib, dip tayyorlanadi va non bo‘lagiga surtiladi. Uchinchi variantda esa no‘xat grek yogurti, feta pishlog‘i, yalpiz va zaytun yog‘i bilan aralashtiriladi.

Doktor Garg sabzavot va mevalarga sariyog‘ qo‘shishni ham yoqtiradi. Bu odat chernoslivga ham taalluqli. Ayrim internet foydalanuvchilari esa bunday gazakda kaloriya juda ko‘pligidan hayratlangan.

Shunga qaramay, shifokor o‘z tanlovini himoya qilmoqda. Uning aytishicha, tadqiqotlar yangi va muzlatilgan no‘xat tarkibida oqsil, kletchatka, S vitamini, hamda V guruhi vitaminlari bo‘yicha o‘xshash ko‘rsatkichlar mavjudligini ko‘rsatadi.

«Muzlatilgan sabzavotlar yaxshi muqobil va ular uzoqroq saqlanadi», — dedi 63 ming nafar obunachisi bor shifokor Need To Know nashriga.

Sariyog‘ tarkibida to‘yingan yog‘lar ko‘p bo‘lib, xolesterin miqdorini oshirishi mumkin. Zaytun yog‘i sog‘lomroq muqobil sanalsa-da, doktor Garg sariyog‘ sabzavotlarga qo‘shimcha ta’m berib, ularni iste’mol qilishni osonlashtirishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Biroq uning retsepti barchaga ham yoqmagan. «Yo‘q, no‘xat emas», «Sariyog‘ qayerda?» va «Chernoslivni sariyog‘ bilanmi?» kabi izohlar qoldirilgan. Ayrimlar esa bu g‘oyani ma’qullab, no‘xatni yaxshi ko‘rishini bildirgan.

Doktor Gargning boshqa sevimli gazaklari orasida yong‘oqlar, grek yogurti, rezavor mevalar, olma, humus va bodring kabi sabzavotlar bor.

Saraton shifokori sifatida u internetdagi ovqatlanishga oid noto‘g‘ri ma’lumotlardan ogohlantiradi. Uning ta’kidlashicha, ayrim mahsulotlar saratonni «oziqlantiradi» yoki bitta mahsulot kasallikning oldini oladi, degan da’volarga ishonish to‘g‘ri emas.

«Ovqatlanish bunchalik oddiy emas. Mukammal bo‘lish shart emas, uzoq muddatga mo‘ljallangan sog‘lom odatlarga e’tibor qarating», — dedi shifokor.

U ratsionda yetarli miqdorda oqsil, meva-sabzavotlar, butun donli mahsulotlar, dukkaklilar va yong‘oqlar bo‘lishini, yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlarni esa cheklashni tavsiya qiladi. Shuningdek, kletchatkaga boy ovqatlanish yo‘g‘on ichak va to‘g‘ri ichak saratoni xavfining pasayishi bilan bog‘liq ekanini qayd etgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar