Yosh shoir Jahongir Nomozov fojiali tarzda hayotdan ko‘z yumdi

Jahongir Mirzo taxallusi bilan ijod qilgan yosh shoir va yozuvchi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Jahongir Nomozov o‘z uyida o‘lgan holda topildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fojiali holat kecha, 15 aprel kuni Namangan viloyatining Pop tumanida yuz bergan. Tuman IIB tomonidan soat 15:30 atrofida berilgan axborotga ko‘ra, shu kuni soat 13:00 larda Pop tumani, “Pop” MFY, Obod-2 ko‘chasi, 157-uyda istiqomat qilgan, 1997 yil 24 yanvarda tug‘ilgan fuqaro Nomozov Jahongir Furqat o‘g‘li ruhiy holatidagi o‘zgarishlar sabab o‘z harakatlarining mazmunini anglay olmasdan, yashash xonasidagi hammomda arqondan sirtmoq tayyorlab, bo‘yin qismiga solgan holda o‘zini osgan va voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Pop tuman bo‘limi tomonidan berilgan dastlabki xulosaga ko‘ra, Jahongir Nomozovning o‘limi bo‘yin qismi sirtmoq bilan siqilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sababli sodir bo‘lgan. Shuningdek, bo‘yindagi strangulyatsion izdan tashqari boshqa tan jarohatlari aniqlanmagani qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Jahongir Nomozov zamonaviy o‘zbek adabiyoti namoyandalaridan biri bo‘lib, u xalqaro adabiy aloqalarni rivojlantirishda faol jurnalist, shoir va tarjimon sifatida tanilgan edi.
U Turkiyaning “Şiir Sarnıcı” adabiy jurnalida O‘zbekiston bo‘yicha rasmiy vakil sifatida faoliyat yuritgan, “Juntos por las Letras” xalqaro yozuvchilar guruhining O‘zbekiston koordinatori, World Talents (Qozog‘iston) xalqaro uyushmasi a’zosi hamda “Abay” medali sohibi edi.
Shuningdek, uning she’rlari ingliz, ozarbayjon, turk va boshqa tillarga tarjima qilingan.
Jahongir Nomozovning “Dream” (Tush) va “Song of Belief” (Ishonch qo‘shig‘i) kabi ijod namunalari xalqaro antologiyalar va adabiy platformalarda, jumladan The Lingo Lexicon saytida chop etilgan.