date

O‘zbekiston balet san’ati yulduzi Gulnora Mavayeva olamdan o‘tdi

O‘zbekiston balet san’ati yulduzi Gulnora Mavayeva olamdan o‘tdi

O‘zbekiston xalq artisti, balet san’atining yirik namoyandalaridan biri Gulnora Mavayeva hayotini 94 yoshida yakunladi. Madaniyat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, buyuk balerina, raqs ustozasi va hayotda ko‘plab shogirdlarni tarbiyalagan san’atkor zamonamizning eng mashhur ijodkorlaridan biri bo‘lgan.

Gulnora Mavayeva 1931 yil 30 iyun kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. San’atga mehr va qiziqishi sabab 1941 yilda Tamara Xon nomidagi balet maktabini tamomlagan. Keyinchalik 1948 yilda Navoiy teatri studiyasi qoshidagi balet maktabini, 1951 yilda Moskva xoreografiya bilim yurtidagi o‘zbek balet studiyasini (M.A. Koxudova sinfi), 1971 yilda esa Leningrad xoreografiya bilim yurti pedagogika bo‘limini tugatgan.

Muvaffaqiyatli faoliyati davomida u 1945-1949 va 1951-1957 yillar oralig‘ida Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrining yetakchi solisti bo‘lib ishlagan. Gulnora Mavayeva ko‘p yillar davomida balerina sifatida milliy va jahon klassik baletlaridagi yorqin rollari bilan minglab tomoshabinlarni quvontirgan.

Gulnora Mavayeva nafaqat sahnada, balki raqs san’atining rivoji uchun ham katta hissa qo‘shgan. Uning o‘zbek xalq raqslaridagi noyob va o‘ziga xos obrazlari ko‘plab davlatlarda san’at ixlosmandlarini hayratda qoldirgan. Uning ijod yo‘lidagi yutuqlari va xalqaro sahnadagi chiqishlari milliy balet va raqs san’ati nufuzini dunyoga tanitdi.

Taniqli ustoz Gulnora Mavayeva faoliyati davomida ko‘plab mashhur shogirdlarni tarbiyalagan. Jumladan, O‘zbekiston xalq artisti Ma’mura Ergasheva, xizmat ko‘rsatgan artistlar Feruza Sagdullayeva, Gulnora Nizamova, Jamila Osmanova va yana ko‘plab iqtidorli yoshlarga murabbiylik qilgan.

Gulnora Mavayeva faoliyatining so‘nggi kunlariga qadar O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi va Respublika ixtisoslashtirilgan xoreografiya maktab-internatida o‘qituvchilar va talabalar bilan o‘z bilim va tajribasini bo‘lishib kelgan. Uning shogirdlari bugungi kunda O‘zbekiston, Kanada, Rossiya, Isroil, Amerika, Germaniya kabi davlatlarda ijod qilmoqda.

Gulnora Mavayevaning hayoti va ijodi O‘zbekiston balet va raqs san’ati uchun unutilmas maktab bo‘lib qoladi. Uning nomi va yorqin sahnadagi lahzalari doimo yodda qoladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » O‘zbekiston balet san’ati yulduzi Gulnora Mavayeva olamdan o‘tdi