Matyoqub Matchonov va Ra’no Yarasheva “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi, taniqli kinoaktyor Matyoqub Matchonov hamda O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Ra’no Yarasheva “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqda Prezidentning “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonida ma’lum qilindi.
Shuningdek, ushbu farmon bilan Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi badiiy rahbari, aktyor Uchqun Tillayev hamda O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli artist-sozandasi Abdurahmon Xoltojiyev ham “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan mukofotlandi.
Matyoqub Matchonov o‘zbek kino va teatr san’atida o‘ziga xos ijro uslubi, samimiy obrazlari va xalqona rollari bilan tomoshabinlar mehrini qozongan san’atkorlardan biri hisoblanadi. U “Bozor ko‘rmagan yigit”, “Shabnam”, “Tilim qursin”, “Mening akam bo‘ydoq”, “Endi dadam bo‘ydoq”, “Sotqin” kabi ko‘plab filmlardagi rollari orqali keng ommaga tanilgan.
Aktyor avval “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni hamda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan edi. Bu galgi “xalq artisti” unvoni esa uning ko‘p yillik ijodi, sahna va kino san’atiga qo‘shgan hissasi munosib e’tirof etilganini ko‘rsatadi. Ra’no Yarasheva ham teatr san’atidagi faoliyati orqali tomoshabinlar hurmatiga sazovor bo‘lgan ijodkorlardan biri sifatida yuksak mukofotga loyiq ko‘rildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!