Netflix'ning mashhur loyihasi "The Witcher" serialining so‘nggi qismi ustida olib borilgan ishlar nihoyasiga yetdi. Redanian Intelligence xabariga ko‘ra, yakuniy sahnalar Longcross kinostudiyasida tasvirga olingan.
Ishlab chiqaruvchilar va aktyorlar bu bosqichni katta hayajon bilan qarshi olmoqda. Yaqin kunlarda jamoa a’zolari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab postlar bilan o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashishi kutilmoqda. To‘rtinchi fasl 2025 yil 30 oktabrda namoyish etilishi belgilangan, beshinchi fasl esa 2026 yilda taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Netflix tomonidan “The Witcher” ekranizatsiyasi ustidagi ishlar 2017 yil may oyida rasman e’lon qilingan edi. Birinchi mavsum suratga olish jarayonlari 2018 yilning kuzida start olgan, Genri Kavill esa Budapesht shahrida Riviyalik Geralt obrazida ilk bor kamera qarshisiga chiqqaniga deyarli yetti yil bo‘ldi. Keyinchalik ish jarayoni Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tdi va so‘nggi ikki mavsumda bosh rolni Liam Xemsvort ijro etmoqda.
Shuningdek, “Witcher” olami muallifi Anjey Sapkovskiyning yangi asari — “Raven's Crossing” kitobi 2025 yil 30 sentyabrdan boshlab xalqaro maydonda sotuvga chiqishi ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, CD Projekt Red kompaniyasi tomonidan “The Witcher 4”loyihasi ham faol ishlab chiqilmoqda.
Darvoqe, yaqinda Liam Xemsvort bosh rolida suratga olingan “The Witcher”ning to‘rtinchi mavsum treyleri ham muxlislar e’tiboriga havola qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!