“Imarat Development” loyihasi egasi Marat Hamdamov qo‘lga olindi

“Imarat Development” qurilish loyihasi bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida ikki nafar shaxs ushlandi. Ular orasida loyiha egasi sifatida tanilgan Marat Hamdamov ham bor. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban ma’lum qildi.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, “Imarat Development” loyihasi egasi M.H. hamda J.A. jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan. Ular Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasiga muvofiq protsessual tartibda ushlangan.
Mazkur moddaga asosan, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori bilan ushlangan shaxs ichki ishlar organi yoxud huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoraga olib borilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Imarat Development” kompaniyasi rahbariyatiga nisbatan firibgarlik va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish alomatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan edi.
Kompaniya atrofidagi mojaro Marat Hamdamovning ijtimoiy tarmoqlardagi videomurojaatlaridan keyin yanada keng muhokamaga sabab bo‘lgan. U kompaniyani undan tortib olishga urinishlar bo‘layotgani, o‘zi va oilasiga nisbatan bosim hamda tahdidlar haqida gapirgan edi.
Hozirda ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Gumonlanuvchilarning aybi esa sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan belgilanadi.






























Izohlar 0
…