Istanbuldagi to‘yda Turkmaniston fuqarosi pichoqlab o‘ldirildi

Turkiyaning Istanbul shahridagi to‘yxonada ikki guruh o‘rtasida kelib chiqqan janjalda 33 yoshli Qilich Bo‘riyev halok bo‘ldi. U bo‘yin qismidan pichoqlangan. Hodisadan keyin gumonlanuvchi qo‘lga olingan va keyinchalik sud qarori bilan qamoqqa olingan. Bu haqda DHA axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea 1 noyabr kuni soat 23:30 atrofida Istanbulning Kichikchekmeje tumanidagi Kemalposha mahallasi, Nebiog‘lu ko‘chasida joylashgan to‘yxonada sodir bo‘lgan. To‘y marosimi vaqtida ikki guruh o‘rtasida hozircha sababi ma’lum bo‘lmagan tortishuv yuzaga kelgan.
Taxminan bir soat davom etgan janjal keyinchalik pichoqli to‘qnashuvga aylangan. Unda Qilich Bo‘riyev bo‘yin qismidan og‘ir jarohat olgan. Voqea joyiga politsiya va tibbiyot xodimlari yetib kelib, jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatgan. U shifoxonaga olib ketilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.
Dastlabki xabarlarda marhum O‘zbekiston fuqarosi sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, keyinchalik DHA uning 33 yoshli Turkmaniston fuqarosi ekanini ma’lum qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, janjal ishtirokchilari spirtli ichimlik iste’mol qilgan bo‘lgan. Politsiya gumonlanuvchi R.T.ni Istanbulning Avjilar tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olgan. Undan voqeada ishlatilgan pichoq ham olib qo‘yilgan.
Keyinchalik gumonlanuvchi politsiyadagi so‘roqdan so‘ng sudga olib borilgan va sud qarori bilan qamoqqa olingan.
Marhumning jasadi autopsiya jarayonlari yakunlanganidan keyin oilasiga topshirilgan. DHA xabarida uning jasadi Turkmanistonga olib ketilishi rejalashtirilgani aytilgan.






























Izohlar 0
…