Manzura muhabbati haqida gapirdi: yosh farqi baxtga to‘siq bo‘lmadimi?

Said Xo‘jayevning aytishicha, u 1998 yilda Qozog‘istonning Chimkent shahrida tug‘ilib, shu yerda voyaga yetgan. Manzura bilan birinchi marta xonanda Qozog‘istonga tashrif buyurganida tanishgan.
— Manzurani kutib oldim, borishi kerak bo‘lgan joylarga hamrohlik qildim. Bir kuni mashinada ketar ekanmiz, onam turmush qurish haqida taklif bildirdi. Bu gap ikkimizni ham hayratda qoldirdi. Chunki bunday fikr xayolimizga ham kelmagan edi. Keyin Manzuraning opasining roziligini olish uchun Toshkentga keldim. Suhbatlashdik, menga bir qancha savollar berildi va oxirida duo qilib, baxt tilashdi, — deydi Said Xo‘jayev.

Uning ta’kidlashicha, Manzura bilan yaqindan tanishishidan avval ham ularning avlodida shunday san’atkor qiz borligini bilgan.
— Manzuraning qo‘shiqlarini eshitib katta bo‘lganman. 10 yoshimda uning taronalarini tinglab uxlab qolardim. Oramizda 20 yosh farq borligini yashirmayman va bundan hech qachon uyalmayman. Shunday turmush o‘rtog‘im borligidan faxrlanaman. Ko‘p san’atkorlarda kibr uchraydi, ammo Manzurada bu xususiyatni sezmaganman, — deydi u.
Manzuraning so‘zlariga ko‘ra, onasining eng katta orzusi uning oilali bo‘lishi va farzandli bo‘lishini ko‘rish bo‘lgan.

— Turmush o‘rtog‘im bilan bir avlod — eshonlar sulolasidanmiz. Otam chimkentlik edi. Agar bugun baxtimni ko‘rganida, qizim o‘z yurtiga kelin bo‘ldi deb juda quvongan bo‘lardi. Men o‘sha tog‘larda o‘sganman. Qizig‘i shundaki, oradan 20 yil o‘tib, turmush o‘rtog‘im ham aynan o‘sha tog‘larda, faqat boshqa qarindoshlar orasida voyaga yetgan ekan.
U yana bolalik xotiralarini eslab, turmush o‘rtog‘ining aka-opalarini yaxshi tanishini aytdi.
— Ularni ko‘rganman, hatto qo‘limda ko‘tarib katta qilganman. O‘sha vaqtlarda Said aka hali dunyoga kelmagan ham edi, — deydi xonanda.
«Tanqidiy izohlarga ahamiyat bermayman»
Said Xo‘jayev ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga munosabat bildirib, turli fikrlar uning ruhiyatiga ta’sir qilmasligini ta’kidladi.
— Biz haqimizda xabar chiqqanidan keyin odamlarning har xil gaplariga umuman e’tibor qaratmadim. Mayda narsalar uchun asab sarflash, xavotirlanish mening tabiatimga xos emas. Men uchun vaqt eng qadrli ne’mat. Uni bunday ishlarga sarflagim kelmaydi. Hayotimda bundan ham muhim maqsadlarim bor, — deydi u.
«Yosh masalasini barcha tabiiy qabul qildi»

Manzuraning fikricha, ayol kishi turmush o‘rtog‘ida ma’naviy kuch va qat’iyatni ko‘rishni istaydi.
— Ayol qanchalik kuchli bo‘lmasin, o‘zidan ham irodaliroq insonni xohlaydi. Agar inson kuchsiz bo‘lsa, uning fikri ta’sir qilmasligi mumkin. Men aynan shu kuchni Said akada ko‘rdim. Erkak kishi moddiy jihatdan emas, balki xarakteri va fe’li bilan bir necha pog‘ona yuqori turishi kerak.
Xonanda dastlab yosh farqi sabab ikkilanganini ham yashirmadi.
— Turmush o‘rtog‘im mendan ancha yosh. Shu bois unga yoshroq qiz mos deb o‘ylagandim. Bu haqda o‘zlariga ham aytdim. Ammo erim ham, qaynonam ham bu holatni psixologik jihatdan mutlaqo tabiiy qabul qilishlarini aytdi, — deydi Manzura.
Ma’lumot uchun, xonanda Manzura joriy yilning 21 fevral kuni 48 yoshni qarshi oldi.
«Farzandlarimiz uyda yugurib yurishini orzu qilamiz»

Juftlikning aytishicha, ular uchun eng baxtli damlar birga choy ustida suhbatlashib o‘tirgan lahzalardir.
— Shunday paytlarda farzandlarimiz uyda o‘ynab, quvnoq ovozlari yangrab turishini niyat qilamiz. Manzura gampan taomini juda mazali tayyorlaydi. Boshqa ovqatlar ham qo‘lidan yaxshi keladi. U har qanday masalani janjal darajasiga yetkazmaydi, o‘z o‘rnini yaxshi biladi. Shu kungacha «men kattaman, sen kichiksan» qabilidagi gaplar bo‘lmagan va bo‘lmasin ham, — deydi Said Xo‘jayev.
«Endi erkak xonandalar bilan duet kuylamaydi»
Intervyu davomida Said Xo‘jayev Manzuraning ijodiy faoliyati haqida ham to‘xtaldi.
— Endi Manzura erkak xonandalar bilan duet ijro etmaydi. San’atga oid masalalarda gaplashishi kerak bo‘lgan insonlar bilan ham asosan o‘zim muloqot qilaman. Erkaklar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqani cheklashga harakat qilyapman, — dedi u.
«Nega nikoh oqshomi bo‘lmagan?»

Manzura katta to‘y o‘tkazilmaganining sababini ham izohladi.
— Bizda nikoh oqshomi bo‘lmadi. Turmush o‘rtog‘im to‘y tarafdori edi, men esa unday emasman. Kelinlik libosini istalgan vaqtda kiyish mumkin. Men uchun eng katta baxt — ko‘ylak emas, balki turmush o‘rtog‘im bilan xotirjam va ahil yashash, — dedi xonanda.v
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!