11:48 / 07.05.2017
9 874

Javohir Zokirov: kastingdan o‘tolmagani va Nargiz Zokirovaning O‘zbekistonga qaytishi haqida (Eksklyuziv)

Javohir Zokirov: kastingdan o‘tolmagani va Nargiz Zokirovaning O‘zbekistonga qaytishi haqida (Eksklyuziv)
Javohir Zokirovning kinodagi rollarini tomosha qila turib, u haqida biroz qo‘rs degan tasavvurga kelish mumkin. To‘g‘ri, u shartaki, cho‘rtkesar, ammo buning ortida to‘g‘riso‘zlik va mehr borligi ham rost. Dilidagi tilida bo‘lgan Javohir Zokirov bilan uchrashar ekanmiz, suhbatimiz aktyorning so‘nggi ijodiy ishlari borasida kechdi...

— Hozir har qachongidan ham ishingiz ko‘pligini bilamiz, oldinda yangi — “Toshkentim — onam” filmining premerasi. Ushbu film suratga olinayotgani haqida eshitdig-u, lekin aniq ma’lumotlarni negadir sir tutdingiz...

— Chunki bir ishni oxiriga etkazmasdan u haqida bong urishni yoqtirmayman. Ayni kunlarda “Toshkentim — onam” filmining premerasiga tayyorgarlikni boshladik. Ana endi, gapirsam yarashadi. Rejissyor sifatida uchinchi filmimni taqdim etish arafasidaman. Biroq “Toshkentim — onam” muallifligimdagi ilk yirik kinoloyiha. Bu kartina mehr-oqibat va muhabbat mavzusida. Bu gapimni o‘qiganlarning “Yana o‘sha mavzumi?” deya ensasi qotishi mumkin. Lekin dunyoga mashhur rejissyorlar ham bu mavzuga turlicha yondashib, tomoshabinning e’tiborini qozonib kelgan. Men ham bu mo‘’jizaviy his-tuyg‘ularni o‘zimdan kelib chiqqan holda ekranga olib chiqishni istadim. Ssenariy muallifi, turmush o‘rtog‘im — Shahrizod G‘ulomova. U bilan birgalikda hayotimiz davomida ko‘rgan voqealarni badiiylashtirib film qildik. Uni munosib baholashadi, deb umid qilaman. Endi filmning nomlanishiga kelsak. Turli fe’l-atvordagi qahramonlarning taqdiri aynan poytaxtimiz — Toshkent bilan uzviy bog‘liq. Eng qizig‘i, tomoshabinlar birinchi marta ekranda hayotdagi Javohirni ko‘rishadi. Ya’ni, men faqat rejissyorlik bilan cheklanmadim (kuladi). Shuningdek, filmda mashhur aktyor Farhod Mahmudov bilan ham yaqindan “tanishishlari” mumkin. Ya’ni, Farhod ham filmda o‘zini “o‘ynadi”.

— Adashmasak, “Mehmonxona” seriali bilan ham bandsiz...

— Muallif Nurilla Abbosxon serialning ikkinchi mavsumida aynan meni tasavvur etgan holda ssenariy yozgan ekan. Qahramonimning xarakteri juda qiziq. Avval salbiy obrazda bo‘lib, keyin voqealar rivojida yaxshi tomonga o‘zgarib boradi. Serial va undagi rolim haqida faqat shuni aytishim mumkin. Chunki ayrim sabablarga ko‘ra, hozircha, tasvirga olish ishlari to‘xtatilgan. Ammo umid qilamanki, tez kunda yana davom ettiramiz.

— Bir necha oy oldin Rossiyaning “Pervыy kanal” buyurtmasiga binoan suratga olingan “Oltin O‘rda” serialida ham suratga tushganingizni eshitdik...

— Ushbu serial haqida shunchaki gapirib o‘tish noto‘g‘ri, nazarimda. Rejissyor, aktyorlar va umuman ijodiy guruhning har bir a’zosi haqiqiy professionallar edi. Ular qatorida men ham bo‘lganimdan juda xursandman. Tarixiy-fentezi janrida suratga olingan filmni tomosha qilib, turli davrlarda ro‘y bergan voqealarga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

— Filmda munajjim rolidasiz. Fikringizcha, nega aynan sizni tanlashdi?

— Rosti, o‘zim ham bilmayman. Lekin bunga osonlikcha erishganim yo‘q. Kinosinovga faqat uchinchi gal borganimdagina rejissyor va prodyuser meni rolga tasdiqlashgan. Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, bu loyihada ishtirok etganimdan xursandman.

— Chet elliklar bilan hamkorlik qilganingizda, ularning o‘zbek kinosi haqidagi fikri bilan hech qiziqqanmisiz?

— Xorijlik rejissyor va prodyuserlarning aktyorlarimizga bo‘lgan qiziqishi juda kuchli. Afsuski, ular bizning aksariyat kartinalarimizga yuqori baho berishmaydi. Lekin menimcha, rivojlanish bor. Vaqti-soati etib, o‘zbek kinosi ham dunyo miqyosiga chiqishiga ishonaman.

— Aksariyat aktyorlarning orzusi — tarixiy obrazlarni gavdalantirish. Siz “Mirzo Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” filmida Abdullatif rolini ijro etdingiz...

— Hozir savolingizni eshita turib etim jimirlab ketayotganini sezdim. Chunki bu film va rol men uchun juda qadrli. Rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev va Gollivud aktyorlari bilan birgalikda maroq bilan ishladik. Film haqida hamma gapirib, ketma-ket xabarlar chiqdi-yu, lekin negadir yana jim bo‘lib qolishdi. Premerani men kabi ishtiyoq bilan kutayotgan inson bo‘lmasa kerak. Chunki qahramonimni gavdalantirishda jonimni berib ishladim, yuragimdan o‘tkazgan hissiyotlarimni hozir tushuntirib berolmayman. Filmni tomosha qilgach, meni yaxshiroq tushunsangiz kerak. Shuning uchun keling, bu kino haqida premeradan so‘ng gaplashamiz...

— Ijodiy faoliyatingizni xonandalikdan boshlab, bugun bu yo‘nalishda kamnamosiz...

— Faol xonanda bo‘lish uchun moliyaviy tomondan juda baquvvat inson bo‘lishingiz kerak. Mening ijodga bo‘lgan qarashim hozirgi ba’zi xonandalarnikidan farq qiladi. Bugun tinglovchilarga yoqsa-yoqmasa, “Reytingni ushlab turish kerak. To‘ylarim kamayib ketmasin”, deb kuylashyapti. Men bunday qilolmayman. Qo‘shiq yurakdan chiqishi shart.

— Ilk qo‘shiqlaringizni “Bolalar” guruhida kuylagansiz. Hech kimga sir emas, guruh asoschisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ruslan Sharipov. Bugun Ruslan aka bilan munosabatlaringiz qanday?

— Rostini aytishim kerak, Ruslan bilan ko‘rishmaganimizga ancha bo‘ldi. O‘tgan yili internetda uning suratlarini ko‘rib, ko‘nglim og‘ridi. Kuchli iqtidor egasi shunday ayanchli ahvolga tushib qolganidan juda xafa bo‘ldim. Bilasizmi, mashhurlikni ko‘tarib yurish oson ish emas. Hammaning tiliga tushgan paytda tarqalgan gap-so‘zlarni engib o‘tish uchun irodasi bo‘shlik qildi, deb o‘ylayman. Lekin bu vaziyatda uning oilasi va eng asosiysi turmush o‘rtog‘i dastak bo‘lishi shart. Aynan ular, begonalar tosh otganda yoki mish-mish tarqatganda, Ruslanning yonida turib, unga dalda bo‘lganda, qo‘llab-quvvatlashganda hozirgi holat yuzaga kelmasmidi, balki... Axir har bir buyuk erkak ortida, buyuk ayol turadi, degan gap bekorga aytilmagan-ku?!

— Nega bugun uzoqlashib ketdingiz?

— Sababi oddiy. Hamma o‘z tashvishidan ortmay qoldi. Hatto ba’zida yaqinlarim bilan ham ko‘rishishga imkon bo‘lmaydi. Shuning uchun mendan xafa bo‘lish o‘rinsiz, deb o‘ylayman.

— O‘zbek xonandalarining ijodini kuzatib turasizmi?

— Ulug‘bek va Jahongir Otajonovlarning qo‘shiqlari yoqadi. Jahongir konsertiga taklif etgan edi, ishlar bilan bo‘lib, borolmadim. Uning jonli ijroda kuylashini hurmat qilaman.

— Yana kimlarning konsertida mehmon bo‘lgansiz?

— 2001 yil “Istiqlol” san’at saroyi­da yakkaxon konsert dasturimni taqdim etganman. Fonogrammada kuylagandim, o‘shanda. Konsert yakuniga etguncha, o‘zim ham tamom bo‘lay degandim. Sahnaga chiqib yolg‘ondan, o‘zimni xuddi qo‘shiq kuylayotgandek tutganimni hazm qilolmay, vijdonim qiynalgan. Chunki aslida, fonogrammani jinim suymaydi. Shu sabab ham bugungi konsertlarga bormayman. Mayli, mini-diskni qo‘yib, kuylashsin, kimdir buni o‘ziga ep ko‘rar, lekin shunga yarasha chiptalar narxini 5-6 barobarga arzonlashtirishsin. Axir, fono­gramma tomoshasi uchun yuz ming so‘mlab pul to‘lash noto‘g‘ri-ku? Bunday xonandalarga faqat insof so‘rayman...

— Qarindoshingiz Nargiz Zokirova bugun Rossiya estradasining ko‘zga ko‘ringan ijodkorlaridan. Lekin intervyu berishni yoqtirmaydi...

— Nargiz bugun faqat men bilan gaplashib turibdi. Ishi ko‘p, gastrol safarlari kundan-kunga ko‘payib bormoqda. O‘zbekistonga nega kelmayotgani sababi haqida esa o‘zi gapirgani ma’qul, bu haqda men gapirishim noo‘rin. Biroq shu kunlarda uni O‘zbekistonga qaytarish haqida o‘ylab yuribman. Uning konsert dasturidan yurtdoshlarimiz ham bahramand bo‘lishlarini istayman. Urinishlarim besamar ketmasa, albatta, u bilan ko‘rishasiz...

— Javohir aka, jahlingiz tez ekanini bilamiz. Bunday paytlarda sizni kim hovuringizdan tushira oladi?

— Faqat turmush o‘rtog‘im va farzandlarim.

— Farzandlaringiz ham ulg‘ayib qolishdi, ularning qiziqishlari haqida gapirib bersangiz.

— Kenjatoyimiz Said Karim haqiqiy san’atkor. Rafiqam ikkimiz uning harakatlarini ko‘rib, hozirdan kelajakda qaysi kasbni egallashini bilib turamiz. Aslida men uning opera xonandasi bo‘lishini istayman. Uning yo‘g‘on ovozini eshitsangiz, o‘zingiz ham bunga amin bo‘lasiz. Yaqinda qizimga kinoda rol ijro etasanmi, desam, rad etdi. Negadir, bolalarim tengqurlari singari ekranga chiqishga qiziqishmaydi, boshqalarning ko‘zidan yiroq bo‘lishni istashadi.

— O‘g‘lingizning qaysi jihatlari sizni hayron qoldiradi?

— U juda erka. O‘zini erkin tutishga o‘rgangan. Atrofimizdagilarning aytishicha, uni juda taltaytirib yuborganmiz. Balki shundaydir, bilmadim... Hali kichkina deb uncha qattiqqo‘llik qilmasdim. Biroq endi sekin-sekin chegaralar qo‘yilyapti. Chunki kelajakda aynan shu erkaligi uchun hayotda qiynalib qolishini istamayman.

— 45 yoshdasiz. Bugun hayotiy qarashlaringiz o‘zgardimi?

— Ko‘p narsalar o‘zgarganini sezyapman. Masalan, bu dunyoda oila va farzandlardan muhim hech narsa yo‘qligini tushunib etdim. Ish, san’at, boylik, mashhur inson bo‘lish hammasi ahamiyatsiz, aslida. Inson faqat yaqinlarining yonida, ularning qalbida bo‘lishi kerak. Qolganlari ikkinchi darajali. Bilasizmi, bolaligimda ota-onam ko‘p ishlashardi. Shuning uchun ko‘p vaqtim buvimning uyi­da yoki ular bilan birgalikda gastrol safarlari, tasvirga olish maydonchalarida o‘tgan. Bugun men bunday qilmayapman. Bo‘sh vaqt topdim deguncha oilamga, bolalarimga e’tibor berib, birgalikda vaqt o‘tkazamiz va doim shunday bo‘ladi. Hayotim davomida qo‘limdan kelgancha ularga yordam berishni niyat qilaman.

— Suhbat so‘nggida ijodiy rejalaringiz bilan bo‘lishsangiz.

— “Toshkentim — onam” premerasidan so‘ng yana yangi film ustida ish boshlayman. Niyatim, uni butun MDH davlatlarida namoyish etish...

— Ishlaringizda omad!

— Rahmat!

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Fotomuxbir: Islom RO‘ZIEV.


Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Javohir Zokirov: kastingdan o‘tolmagani va Nargiz Zokirovaning O‘zbekistonga qaytishi haqida (Eksklyuziv)