“Qora dengiz ko‘zlari” seriali aktrisasi 19 yoshli Gamze Sakli og‘ir avtahalokatga uchrab halok bo‘ldi

Turkiyaning "Qora dengiz ko‘zlari" serialida suratga tushgan 19 yoshli aktrisa Gamze Sakli 24 iyun kuni Rize viloyatining Choyeli tumanida sodir bo‘lgan og‘ir yo‘l-transport hodisasida halok bo‘ldi.
Avariyada bir nechta yengil avtomobil va mikroavtobus ishtirok etgan. Gamze Sakli mashinalardan birida 22 yoshli Selinay Saral va 23 yoshli Nilay Bilgin bilan birga bo‘lgan.
"Türkiye Gazetesi" nashrining yozishicha, rulda bo‘lgan Selinay boshqaruvni yo‘qotgan. Avtomobil ajratuvchi bo‘lakdagi ustunga urilgan va keyin qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.
Kuchli zarba natijasida Gamze Sakli avtomobildan yo‘lga otilib tushgan va voqea joyida vafot etgan. Uning ikki dugonasi esa yonib ketgan mashinadan chiqa olmagan.
Hodisa joyiga yetib kelgan shifokorlar va o‘t o‘chiruvchilar uch nafar qizning halok bo‘lganini qayd etgan. Avariyada jarohatlangan yana besh kishi shifoxonaga yotqizilgan.
Gamze Sakli bolaligidan aktrisa bo‘lishni orzu qilgan. U so‘nggi yillarda suratga olish maydonlarida stilist sifatida ishlagan. 2025 yilda esa "Qora dengiz ko‘zlari" serialida kichik rol ijro etib, kinodagi faoliyatini boshlagan edi.































Izohlar 0
…