Shahlo Salayeva oq kelinlik libosida barchani hayratda qoldirdi (video)

Shahlo Salayeva oq kelinlik libosida barchani hayratda qoldirdi (video)

Kecha, 19 iyul kuni, xorazmlik xonanda Shahlo Salayeva va turkiyalik xonanda Veysel Dulgerning to‘y marosimidan olingan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Tasvirlarda Shahlo Salayeva oppoq kelinlik libosida, Veysel Dulger esa qora klassik kostyum-shimda ko‘rinish bergan. To‘y marosimi turk milliy urf-odatlari asosida o‘tkazilgani ko‘plab muxlislarning e’tiborini tortdi.

Videolardan birida kelinning beliga an’anaga ko‘ra qizil lenta bog‘langani, kuyovni tantanali kutib olingani aks etgan. Shuningdek, Veysel Dulger yaqinlari hamrohligida musiqa sadolari va tantanali muhit ostida kelin uyiga kirib keladi. Turk an’analariga muvofiq, u kelinning oldiga kirishdan avval eshik oldida turgan ayollarga pul ulashadi. Shundan so‘ng kelin-kuyov birgalikda avtomobilga yo‘l oladi.

Yana bir videoda esa yoshlar to‘yxonaga yor-yor sadolari ostida kirib kelgani, mehmonlar bilan birgalikda sho‘x kuy-qo‘shiqlar ostida raqsga tushgani aks etgan. Ayniqsa, Shahlo Salayevaning kelin bo‘lishiga qaramay, quvnoq kayfiyatda raqsga tushgani va marosimdan zavq olayotgani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

To‘y ixcham, milliy an’analar va zamonaviy uslublar uyg‘unlashgan, fayzli hamda ko‘tarinki ruhda o‘tgani videolardan ham yaqqol sezilib turadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar yangi oila egalarini samimiy tabriklab, ularga uzoq umr, baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik va mustahkam oila tilab ko‘plab ezgu tilaklarini yo‘llamoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar