140 kilodan 70 kiloga ozgan Muborak Abdullayeva ijodga qaytdi

Bir paytlar quvnoq obrazlari bilan tomoshabinlar mehrini qozongan bloger va aktrisa Muborak Abdullayeva uzoq tanaffusdan so‘ng yana ekranlarga qaytdi. Bu safar u yolg‘iz emas — 78 yoshli buvisi Xursandoy aya bilan “Daryo” studiyasida mehmon bo‘lib, samimiy va hayotiy suhbat qurdi.
Suhbat davomida Muborak Abdullayeva hayotidagi keskin o‘zgarishlar haqida ochiq gapirdi. Uning aytishicha, bugungi Muborak avvalgi ekranda ko‘ringan insondan mutlaqo farq qiladi.
“Bugun o‘zimning eski videolarimni ko‘rsam, u yerdagi Muborakni tanimayman. Tashqi ko‘rinishim, xarakterim, fikrlashim va dunyoqarashim butunlay o‘zgardi. Agar menga o‘sha rollarni yana ijro etish taklif qilinsa, buni uddalay olmasligimni aytaman. O‘sha paytlarda yoshlikning o‘zgacha shijoati va energiyasi bor ekan. Hozir esa ekrandagi o‘zimni ko‘rib, 'nahotki bu men bo‘lgan bo‘lsam', deb hayron qolaman”, — dedi u.

Muborakning ta’kidlashicha, eng katta o‘zgarishlardan biri uning vazni bilan bog‘liq. U 140 kilogrammdan 70 kilogrammgacha ozganini aytib, bu jarayon nafaqat tashqi ko‘rinishini, balki butun hayotini o‘zgartirganini bildirdi.
“140 kilogrammdan 70 kilogrammgacha ozganimdan keyin xuddi ichimdan bir inson chiqib ketgandek bo‘ldi. Ekranlarda sho‘x-shodon yuradigan, qaynona va kelin obrazlarini jonlantiradigan Muborak go‘yo ortda qoldi. Hatto bir muddat o‘zimni ham yo‘qotib qo‘ydim. Shundan keyin o‘zimni qayta kashf etishga kirishdim. Endi hayotimda boshqa qiziqishlar paydo bo‘ldi. Ilgari til o‘rganishga umuman qiziqmasdim, hozir esa yangi tillarni o‘rganyapman. Ruhiy va ma’naviy jihatdan ham o‘zim ustimda ishlashni boshladim”, — deydi u.
Suhbat faqat ijod haqida emas, balki oila va tarbiya mavzulari bilan ham boyidi. Xursandoy aya o‘zining ko‘p yillik hayotiy tajribasiga tayangan holda qiz farzand tarbiyasi, oiladagi mehr-oqibat, ayolning sabri, rashk va qaynona-kelin munosabatlari haqida samimiy fikrlarini bildirdi.

Tomoshabinlar esa nafaqat Muborak Abdullayevaning ijodga qaytganini, balki uning hayotga bo‘lgan mutlaqo yangi qarashlarini ham yaqindan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.






























Izohlar 0
…