BTS a’zosi Chongukni nishonga olgan xaker 20 yilga qamaldi

BTS guruhi a’zosi Chonguk va Janubiy Koreyadagi boshqa badavlat shaxslarning mol-mulkini nishonga olgan xalqaro xakerlik guruhi rahbari 20 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Seul markaziy okrug sudi Xitoy fuqarosi bo‘lgan erkakni firibgarlik va axborot tarmoqlaridan noqonuniy foydalanish kabi jinoyatlarda aybdor deb topgan. Bu haqda "Yonhap News Agency" xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh 2023 yil avgustidan 2025 yil boshigacha Janubiy Koreyadagi badavlat fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy qo‘lga kiritgan. Jinoyatchilar qurbonlar nomiga mobil aloqa raqamlarini ochib, telefon orqali keladigan tasdiqlash kodlaridan foydalanish orqali bank, aksiya va kriptovalyuta hisoblariga kirishga uringan.
Jami 38 milliard vondan, ya’ni qariyb 27 million dollardan ortiq mablag‘ jinoyatchilar tomonidan o‘g‘irlangan yoki o‘g‘irlashga uringan. Guruh qurbonlarni avvalo ularning moliyaviy holatiga qarab tanlagan.
Chonguk ham xakerlar nishoniga aylangan. Jinoyatchilar uning 8,4 milliard vonlik HYBE aksiyalarini qo‘lga kiritishga uringan. Biroq BigHit Music vakillari shubhali faoliyatni tezda aniqlab, zararni oldini olish choralarini ko‘rgan. Shu sababli Chongukning aksiyalari amalda o‘g‘irlanmagan.
Sud xakerlik guruhining jinoyatlarini og‘ir deb baholab, uning badavlat insonlarni ataylab nishonga olganini ta’kidladi. Tergov davomida guruh qurbonlari orasida yirik kompaniyalar rahbarlari, mashhur san’atkorlar va kriptovalyuta investorlari ham bo‘lgani aniqlangan.































Izohlar 0
…