O‘zini BTS a’zosi Jimin deb tanishtirgan firibgar 68 yoshli ayolni 55 ming dollarga chuv tushirdi

Braziliyada yashovchi 68 yoshli nafaqaxo‘r ayol internet orqali tanishgan firibgarning tuzog‘iga tushib, qariyb 55 ming AQSH dollaridan ayrildi. U taxminan to‘rt oy davomida o‘zini Janubiy Koreyaning BTS guruhi a’zosi Jimin deb tanishtirgan shaxs bilan yozishib kelgan.
Ma’lum qilinishicha, firibgar ayolga muntazam ravishda mehrli xabarlar yuborib, u bilan romantik munosabatlar o‘rnatganiga ishontirgan. Ishonchga kirgach esa unga qimmatbaho sovg‘alar jo‘natganini, biroq ular bojxonada ushlab qolinganini aytgan. Shundan so‘ng sovg‘alarni olib chiqish uchun bojxona to‘lovlarini to‘lash kerakligini bildirib, ayoldan pul so‘ragan.
Firibgarning gaplariga ishongan pensioner pul yuborish maqsadida banklardan katta miqdorda qarz va kreditlar olgan. Oqibatda uning umumiy zarari qariyb 300 ming Braziliya realini, ya’ni 55 ming AQSH dollarini tashkil etgan.
Keyinchalik aldanganini anglagan ayol huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Hozirda San-Paulu fuqarolik politsiyasi ushbu firibgarlik ortida turgan jinoiy guruhni aniqlash yuzasidan tergov olib bormoqda.































Izohlar 0
…