Ma’rifat Ortiqova: “Oshxonadan deyarli chiqmayman” (video)

Taniqli aktrisa Ma’rifat Ortiqova “Mening oshxonam” dasturida mehmon bo‘lib, uyda ovqat tayyorlashga bo‘lgan munosabati haqida gapirdi. U kundalik hayotida deyarli doim o‘zi taom pishirishini, hatto gastrol safarlariga otlanayotganda ham oilasi uchun turli yarim tayyor mahsulotlarni oldindan tayyorlab qo‘yishini aytdi.
Ko‘rsatuv boshlovchisi aktrisadan: “Uyda qanchalik tez-tez ovqat tayyorlaysiz?” deb so‘radi.
“Oshxonadan chiqmayman”, — deya hazil aralash javob berdi Ma’rifat Ortiqova.
“Bunga qanday ulgurasiz?” — deya qiziqdi boshlovchi.
“Ulguraman. Insonda xohish bo‘lsa, hamma narsaga vaqt topiladi. Gastrol safarlariga ketayotganimda ham ko‘plab taomlarni yarim tayyor holatda qilib ketaman. Masalan, somsa, manti, tok do‘lma, karam do‘lma kabi taomlarni oldindan tayyorlab qo‘yaman. Kerak bo‘lsa, uxlamayman, lekin ketishimdan oldin hammasini tayyorlab, keyin yo‘lga chiqaman”, — dedi aktrisa.
Boshlovchi uning oila a’zolari bu odatiga qanday munosabatda bo‘lishini ham so‘radi. Ma’rifat Ortiqova esa oila a’zolari tayyorlangan taomning yangi pishirilganidan farqi borligidan shikoyat qilmasligini ta’kidladi.
“Yo‘q, chunki barra bo‘ladi. Uzoq vaqt saqlab qo‘yilmaydi, tez-tez pishiriladi. O‘sha kun uchun kerakli miqdor tayyorlanadi. Men bugun pishirgan ovqatimni imkon qadar ertaga qoldirmayman. Qozon ham o‘sha kunning o‘zida yuvilib, xuddi umuman ovqat pishirilmagandek toza turishi kerak. Ya’ni kechagi ovqat yeyilmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi aktrisa.
Ma’rifat Ortiqovaning so‘zlaridan uning oshxonadagi tartib-intizomi va oilasi uchun taom tayyorlashga alohida e’tibor berishi ko‘rinib turibdi.






























Izohlar 0
…