12:10 / 18.10.2019
9 405

Xayrulla Hamidov she’ri: «Qur’onga chorlov»

Xayrulla Hamidov she’ri: «Qur’onga chorlov»
Ey o‘g‘ul, o‘qigil ushbu xatimni,
Bejavob qoldirma nasihatimni.

Xudo Kalomig‘a ehtirom ayla,
Majiydni hofizang ichra avayla!

Uyingni har burchi kalomga to‘lsin,
“Bismillah” deginu, falaklar kulsin,

Unutma bu ishni, tark etma har on,
Osib qo‘yish uchun kelmagan Qur’on!

Qancha ko‘p o‘qilsa, titilsa Kitob,
Xudoning oldida kamayar itob.

Kitobning yangisi zo‘r kitob emas,
Qur’oni yangi uy fayzli emas.

Qadimda sovchilar solishsa og‘iz,
Kalomni tekshirib, so‘rarkanlar qiz.

Uy uchun sanalmish eng go‘zal odob –
Titilgan joynamoz, eskirgan kitob...

Baxt qo‘yib yubormas desang qo‘lingni,
“Fotiha”ni o‘qib, ochgil yo‘lingni.

Keyin “Baqara”dan xulosalar ol,
Qancha chuqur ketsak, kuchayar xayol.

Sayr etmoq bo‘libsan, o‘g‘lim, Qur’onga,
Mehmon bo‘lib ketgin “Oli Imron”ga.

Hikoyatlar tinglab Muso, Iysodan,
O‘zingga xitoblar topgil “Niso”dan.

O‘qib san surai Mujodalani,
Topursan Allohga qancha nolani.

Kalom yuragiga qani, yo‘l olsin,
Deb seni qarshilar surai Yosin.

Kutib olgan bo‘lsa go‘zal “Taborak”,
O‘g‘ilcham, ulug‘ baxt bo‘lsin muborak!

“Ar-Rohman”ni o‘qi bo‘stonda yayrab,
Senga jo‘r bo‘lg‘usi bulbullar sayrab.

O‘qiyver, nolangdan titrasin olam,
Ayla shaytonlarning rangini somon.

“Mo‘minun”ni o‘qi, his qilib, anglab,
Mo‘minlar asliga qaytsinlar tinglab.

“Kofirun”ni o‘qi, ahdingni bergin,
To‘g‘ri yo‘ldasan-ku, ko‘ksingni kergin!

Xudoning diniga kim ko‘tarsa qo‘l,
Surai Tabbatdan ko‘rsatib qo‘y yo‘l!

Amal qil, kirdingmi qutlug‘ qasrga,
Muvofiq yashasang, bas, “val ’asr”ga.

O‘qi “Fil” surasin, bag‘rini tilsin –
Yangi Abrahalar oxirin bilsin!

Ul ulug‘ Voqea bo‘lmasdan avval,
“Voqea” surasin o‘qigin jadal!

“Qoriya”ni o‘qi, yig‘lasin olam,
O‘shal og‘ir Kunga tayyorlan, bolam!

Ixlos ila o‘qi “Ixlos” surasin,
U sani mahsharda yo‘qlab so‘rasin!

Topganda olsin u shafoatiga,
Xudo izni ila himoyatiga.

“Ixlos” qiyomatning ajib siridir,
Xudo Kalomining uchdan biridir.

“Iza jaa”ni o‘qi halovatoldi,
Fath kunlari ham yaqinlab qoldi.

“Falaq” zulmatidan istagin panoh,
Yaxshilab o‘qisang, asraydi Alloh!

“An-Nos”ning ma’nisi “odamlar” erur,
Alar ham yurakka zararlar berur.

Ushbu sura bilan tugaydi Qur’on,
“Sadaqalloh” deb qo‘y o‘qigach har on.

Chunki bu odamning so‘zlari emas,
Hatto payg‘ambar ham kitobim demas.

Ibni Mas’ud bunda so‘zlamish g‘oyat:
“Dunyodan afzaldir har qanday oyat!”

Endi o‘ylab ko‘rgin ne o‘qiganing,
Millionlab dunyoni his qilgan taning...

Malaklar poyingda to‘sharlar gilam,
Qur’on qarshi olar shafoat bilan.

Bolam, bundoq baxtni topa olmassan,
Gar qadrin anglasang, yopa olmassan!

Tushunib qolsang gar Qur’on lazzatin,
Inkor etar eding dunyo rohatin.

Man o‘zim bu yo‘lda kula olmadim,
Qur’on xizmatchisi bo‘la olmadim.

Bolam, takrorlama xatolarimni,
Qabul qil bu xolis nidolarimni.

Qur’onni olgin-da, ko‘zingni yoshla,
Bobolaring kutar... Tilovat boshla!

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Xayrulla Hamidov she’ri: «Qur’onga chorlov»