21:38 / 17.01.2021
4 032

Xorazmlik taniqli hofiz Rahmatjon Qurbonov 62 yoshida vafot etdi

Xorazmlik taniqli hofiz Rahmatjon Qurbonov 62 yoshida vafot etdi
Foto: Madaniyat vazirligi matbuot xizmati
Xorazmlik taniqli hofiz, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Rahmatjon Qurbonov 17 yanvar, yakshanba kuni 62 yoshida vafot etdi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Ustoz san’atkorning farzandi mazkur noxush xabarni tasdiqlarkan, «Otamning vafotiga biror jiddiy kasallik yoki koronavirus sabab bo‘lgani yo‘q, ular to‘satdan hayotdan ko‘z yumdi», — dedi.

Ma’lumot uchun, Rahmatjon Qurbonov 1959 yil 20 sentabrda Xiva shahrida san’atkor oilasida tavallud topgan. Otasidan o‘zbek cholg‘u asboblarini chalish va mumtoz qo‘shiqlarni ijro etish uslublarini o‘rgangan. U Xivadagi Matyoqub Xarratov nomidagi musiqa bilim yurti hamda O‘zbekiston davlat Konservatoriyasining vokal va maqom bo‘limida o‘qigan. Buyuk san’at darg‘alari — Nasim Hoshimov, Halima Nosirova, Saodat Qobulovalarning sevimli shogirdlari qatoridan joy olgan.

Uzoq yillar Toshkent shahrida samarali faoliyat yuritib, «Lazgi» ansambliga rahbarlik qilgan. Bir necha risolalar, kitoblar, o‘quv qo‘llanmalar muallifi sifatida ham tanilgan. Rahmatjon Qurbonov hozirga qadar O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Xorazm viloyati bo‘linmasi direktori vazifasida faoliyat yuritayotgan edi.

Ijodkorning fidoyi mehnatlari munosib taqdirlangan — «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist», «Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist» faxriy unvonlari hamda «Mehnat shuhrati» ordeniga sazovor bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Xorazmlik taniqli hofiz Rahmatjon Qurbonov 62 yoshida vafot etdi