Abdulla Qurbonov ustozi bilan bir to‘yda sodir bo‘lgan qiziqarli voqeani ochiqladi

Xonanda Abdulla Qurbonov “24/7 podcast” dasturida ustoz san’atkori — Muxriddin Xoliqov bilan bir to‘yda sodir bo‘lgan qiziqarli va biroz kutilmagan voqeani eslab o‘tdi.
San’atkorning aytishicha, bir safar ustozi bilan to‘yga borganida, ularga berilgan pullar Abdullaga topshirilgan. U esa o‘sha pullarni tartibga keltirayotgan paytda kutilmagan holatga duch kelganini aytadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea quyidagicha bo‘lgan:
“Muhriddin aka bilan bir kun bir to‘yga bordik. Pullarini menga berdilar, men ularni olib turdim. Keyin 'Abdulla, pullarni taxlanglar' dedilar. Men ularni taxlayotganimda ichidan 20 dollar kimdir qistirgan pul chiqib qoldi. Shunda ustozim biroz cho‘chib ketdilar. 'Yo‘qot bu pulni, bor yo‘qot bu baloni', dedilar. Men 'Nega, Muhriddin aka?' desam, 'Qamalib ketamiz', dedilar. Keyin men hazil qilib, 'Kimdir qistiribdi, olib qo‘ying, chet elga chiqsangiz ishlatasiz', desam, u kishi 'Yo‘q, puli boshidan qolsin' deb turib oldilar.”
Abdulla Qurbonov ushbu voqeani eslar ekan, ustozining ehtiyotkorligi va hayotiy qarashlari o‘zida katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.
Shuningdek, san’atkor 40 yildan ortiq ijodiy faoliyati haqida ham to‘xtalib, xalq orasida mashhurlik va chin e’tirof har doim ham son bilan o‘lchanmasligini aytdi:
“Mana 40 yildan beri xalq xizmatidaman. 40 ming xil ashulachilarni ko‘rdim. Lekin ularning orasidan xalq yaxshi ko‘radigan, chin dildan e’zozlaydigan san’atkorlar sanoqli. Taniqli ko‘p, lekin sevimli bo‘lish hammaga ham nasib etmaydi,” — deya so‘zini yakunladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!