“Yomon inson” deb o‘ylashgan aktyor — Mirza Azizov haqida rafiqasi aytgan shok xotiralar

22 may kuni Mirza Azizov hayot bo‘lganida 63 yoshni qarshi olgan bo‘lardi. Shu munosabat bilan teatr va kino sohasiga butun umrini bag‘ishlagan, salbiy obrazlarni ham mardonavor ijro etishdan cho‘chimagan marhum aktyorning hayot yo‘li hamda yaqinlarining uni haqidagi xotiralariga nazar tashlanadi.
Mirza Azizov 1963 yilda Namangan viloyati, Chust tumanida, hofiz Muhammadjon ota oilasida dunyoga kelgan.
Tojibar Azizova, aktyorning rafiqasi:

— Qaynonam Muhabbatxon aya mehribon va yaxshi ayol bo‘lgan. U kishi sergo‘sht taomlar tayyorlab, issiq dasturxonlarga o‘rab, poyezd orqali kelib, bizga ham ulush qilardi. Qaynotam Muhammadjon ota esa katta hofiz, fors she’riyatini yaxshi biladigan ilmli inson edi. Bu xislatlar Mirza Azizovga ham o‘tgan. Rahmatli turmush o‘rtog‘im otasining 65–66 yoshlarida tug‘ilgan farzandi bo‘lgan. “Katta yoshda tug‘ilgan bola aqlli bo‘ladi”, deyishadi-ku, Mirza aka ham juda aqlli inson edi.
Tojibar Azizova:
— Sevgimiz do‘stlikdan boshlangan. Bir kursda o‘qirdik. Gohida pulimiz qolmaganida, u bizga bildirmasdan sumkamizga pul solib qo‘yardi. Yotoqxonada yashagan paytimizda, Mirza Azizov to‘y xizmatlarida ishlab kelsa, ertasi kuni yotoqxonada bayram bo‘lardi. “Beshyog‘och” bozoridan mahsulot olib kelib, o‘zi osh qilib berardi. Bizning qornimizni to‘ydirganidan baxtiyor bo‘lardi.

— “Tubanlik” filmidagi salbiy roli sabab ko‘pchilik Mirza Azizovni hayotda ham shunday deb o‘ylab, yomon ko‘rib qolishgandi. Hatto ayollar menga qo‘ng‘iroq qilib, “eringiz bilan ajrashing, u farzandlaringizga yaxshi ota bo‘lolmaydi”, deyishardi. Bozorga borsak, sotuvchilar ham xizmat ko‘rsatishni istamas edi. Men muxlislar yomon ko‘rib qolishidan qo‘rqib salbiy rollarni o‘ynamayman, lekin u kishi “Hayotda bunday insonlar ham bor, kimdir bunday obrazlarni ham ijro etishi kerak”, derdilar.
Rahbarlik va e’tirof yillari

Mirza Azizov 1999 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, 2013 yilda “O‘zbekiston xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘ldi. 2019 yilda Qirg‘izistonda Xalqaro Chingiz Aytmatov nomidagi “Oltin medal” bilan taqdirlandi.
2016 yildan umrining oxirigacha Mukimiy teatri direktori lavozimida ishlab, teatrni akademik maqomga olib chiqishga intildi. Biroq u ijodiy rejalar avj olgan pallada, 2021 yil 16 aprelda 58 yoshida koronavirus sabab hayotdan ko‘z yumdi.
— Mirza Azizovning eng katta ishlaridan biri — Milliy teatr bilan Mukimiy teatri o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yganidir. Teatrni akademik darajaga chiqarish uchun katta harakat qilgan va bu orzu amalga oshgan.
“Birga umraga bormoqchi edik...”
Tojibar Azizova:

— 35 yil birga yashadik, lekin go‘yo 50–60 yil yashagandekmiz. Kunduzlari yo‘qliklari unchalik bilinmasdi, ammo kechqurun yostiqlari bo‘sh ekanini ko‘rib, “Juda kam yashadik”, deyman. Zangiota shifoxonasida yotganlarida birga umraga boramiz deb va’da qilgan edik. Lekin u kunga yetolmadilar...
— Mirza Azizov o‘zlariga katta mol-mulk qoldirmagan. Ammo odamlarga qilgan yaxshiliklari, yashirin ezgu amallari qoldi. Vafotidan keyin ko‘p insonlarga maxfiy yaxshilik qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu narsalarni hech qanday boylik bilan tenglab bo‘lmaydi, deydi Tojibar Azizova.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!