13:25 / 05.04.2021
1 019

Kuchli ayol qanday bo‘lishi kerak? Nurgul Yeshilchay karerasi, hayotga qarashlari haqida...

Kuchli ayol qanday bo‘lishi kerak? Nurgul Yeshilchay karerasi, hayotga qarashlari haqida...
Foto: MAG
O‘zbek teletomoshabinlariga «Ishkomli uy» serialidagi Bahor roli bilan tanish bo‘lgan, ayni vaqtda Turkiyaning Fox kanalida efirga ketayotgan «Gunohni yuvish» filmida suratga tushayotgan aktrisa Nurgul Yeshilchayning MAG jurnaliga bergan intervyusini o‘zbek tilida e’tiboringizga havola etamiz.

— Aktyorlik mahorati siz uchun nimani anglatadi? O‘z ishingizni yaxshi bajarishga yordam beradigan detallar haqida aytib o‘tsangiz?
— Aktyorlik mahoratining 80 foizi zakovatdan iborat deb hisoblayman. Qahramonni gavdalantirishda mantiq va tasavvurning aniq bo‘lishi juda ham muhim. Atrofda nima bo‘layotgani haqida bilish, ko‘rish va yangi tendensiyalarni o‘rganish kerak.

— «Gunohni yuvish» serialida hech qachon o‘z e’tiqodidan voz kechmaydigan ona Zeynep rolini o‘ynayapsiz. Zeynepga qanday baho bergan bo‘lardingiz?
— Menga ko‘proq Zeynepning boshidagi ahvoli yoqadi. Uning o‘z kasbi bo‘lgan. U quvnoq, jahli chiqqanida esa qoplon singari bo‘lgan. Ammo endi u bosiq, yuvvosh. Siz qahramonni aktyor sifatida dastlabki holatini gavdalantirasiz, keyin esa siz tushunmaydigan televizion personaj paydo bo‘ladi. Begonalashgani uchun rol o‘ynash qiyinlashadi.

Foto: MAG
— Sizga farzandlari uchun tavakkal qilishdan qo‘rqmaydigan, shuningdek, sevgisini ham yo‘qotmaslikka urinadigan kuchli ayol rolini ijro qilish yarashadi. Nima deb o‘ylaysiz sevgining vaqti yoki shartlari bo‘ladimi?
— Ayol kishi avvalo o‘ziga vaqt topishi va nimani xohlashini bilishi kerak. Bolalarim nimani xohlaydi? Erim nimani istaydi emas, avvalo o‘zidan nima istayotganini so‘rashi kerak. Ayol hech kim uchun o‘zidan voz kechmasligi va polyuvgichga aylanmasligi kerak. Aynan shu sabab ham Zeynepni o‘ta kuchli deb hisoblamayman. Chunki u o‘zi uchun hech nima qilmayapti. Muratxon Munganning «Kiyiklar va la’natlar» spektakli bor. Unda kiyikni sevib qolgan erkak sehrgarga murojaat qiladi va kiyik ayolga aylanadi. Turmush qurib baxtli hayot kechirgan juftlikning farzandi bo‘lmaydi.

Erkak bolali bo‘lishni istaydi, erkakning bu ahvolidan xafa bo‘lgan ayol sehrgarga takror murojaat qilib vaziyatni anglatadi. Afsungar ayolga agar uning ko‘zlari o‘yib olinsa, farzandli bo‘lishi mumkinligini aytadi. U ko‘zlarini o‘yib olganidan keyin bo‘lsa, eri uni ko‘zlari uchun yaxshi ko‘rganini ta’kidlaydi. Demoqchi bo‘lganim, hayotdagi istalgan munosabatlarning qadr-qimmati bo‘lmasligi mumkin. Agar o‘zingiz uchun yashasangiz, farzandlaringiz ham baxtli, sevgining ham eng yaxshisi bo‘ladi. Sevgi yosh tanlamaydi.

— Siz uchun sevgi nima? O‘zingizni sevib qolgan kishi sifatida qanday tasvirlab bera olasiz?
— Insoniyat tarix davomida topilmagan savolga javob berishimni so‘rayapsiz. Men sevib qolsam, o‘ta quvnoq bo‘laman, ko‘p kulaman. Menda yuqoriga liftda emas, zinapoyadan ko‘tarilishga tayyor bo‘ladigan darajada energiya paydo bo‘ladi.

— 2020 yildagi foto ko‘rgazmada ayollarning kuchiga urg‘u bergan edingiz. Sizningcha jamiyatda kuchli ayol fenomeni paydo bo‘lishi uchun nima qilish kerak?

Foto: MAG
— Har qanday davrda turli ayollar ideallashtirishga harakat qilinadi. Bizga ideal emas, erkin yashaydigan ayollar kerak. Ayolning qanchalik kuchli ekanini ochib beradigan, larzaga keltiradigan va hatto dunyoni o‘rab turadigan qarashning kelib chiqishi shu zamin bilan bog‘liq. Anadoluda matriarxat 16 ming yildan buyon mavjud. Bu ming yillik tarix davomida hamisha qudratli ayollarning uyi bo‘lgan makon. Bu zamin kuchli ayollar, Kibele (barokat tangrisi), Afrodita (sevgi tangrisi) va Amazonka (yunon afsonalarida jangovar ayollar) avlodlarining yeri. Bizning genlar o‘ta kuchli.

— «Ishkomli uy» barchamiz uchun esda qolarli serial bo‘lgan. O‘sha yillarni yodga olganda nima haqida o‘ylaysiz?
«Ishkomli uy» vaqtida barchamiz juda ham yosh bo‘lganmiz. Bu Changin Irmakning birinchi ishi, kordinator esa Timur Savji bo‘lgan. Shundan keyin u o‘zining shaxsiy prodyuserlik markaziga asos solgan. O‘zjan Deniz singari men uchun ham birinchi loyiha bo‘lgan. Bu yoshlikning olovli loyihasi. Shu sabab ham men uchun barchasi juda qiziqarli kechgan.

— Qanday seriallarni tomosha qilasiz?
Men barcha fasllarini boshidan oxirigacha tomosha qilgan serialning o‘zi yo‘q. House Of Cards, Crown, Breaking Bad, The Handmaid’s Tale, Mad Man seriallari menga juda ham yoqadi.

— Yangi avlod yulduzlaridan kimlarni yoqtirasiz?
Jiyanim Buse Chelik, Neslihan Atagul, Hazal Kaya, Merve Dizdar, Jem Yigit Uzumo‘g‘lu va Burak Deniz yoqadi.

— Ko‘p yillardan buyon ekranda doimgidek go‘zal ko‘rinishingiz siri nimada?
Tongda yuzimni muz bo‘lagi bilan artaman. Galakonsertlardan avval tuxum oqidan niqob qilganimdan keyingina makiyaj qilaman. Kartoshka ko‘z ostidagi halqalarni yaxshi bartaraf qiladi.

Foto: MAG
— O‘ziga xos bo‘lishingizning sababi nimada?
— Uzoqni o‘ylab ish qilaman, emotsionalman, ammo hamma narsani nazorat qila olaman, sinchkovman va lanjlikka chiday olmayman.

— Odamlar sizni quvnoq va samimiy deb hisoblaydi. Suratga olish maydonchasida sahnalaringiz suratga olingunicha kimlar bilan va nima haqida gaplashasiz?
— Suratga olish maydonchasida bolalar bilan vaqt kechirishni yaxshi ko‘raman. Ular zerikarli ish haqida gapirmaydi, menga raqamli olamni o‘rgatadi, men ularning hayoti haqida tinglayman. Bolalardan tashqari menga hammadan ko‘p, so‘nggi vaqtlarda safarga chiqishni rejalashtirish yoqadi. Bu meni baxtiyor etadi.

— Muvaffaqiyatli aktrisa, go‘zal ona va o‘ziga xos ayol ekanligingizning siri nimada?
— To‘liq hayot kechirish siri: o‘zlikni anglash, mukammal bo‘lishga urinmaslik va boshqalarga taqlid qilmaslikda.

— Ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanuvchi sifatida uning ta’siriga qanday baho berasiz?
— Fikrimcha, ijtimoiy tarmoqlar istalgan narsa haqida birinchi bo‘lib, shaxsan o‘zi ma’lumot berish imkonini beradi. Vositachilar yo‘qligi uchun esa iliq muloqot qilish, dunyoda nima yuz berayotgani haqida oson tushunish mumkin.

— So‘nggi yillarda raqamli platformalarga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, pandemiya davrida yanada jadal tarqalayotgan raqamli odatlar auditoriya va kinosanoatga nima olib keladi, deb o‘ylaysiz?
— Inson dilkash mavjudot va aynan shu sabab ham teatr, kinoteatr va konsertlar hamisha mavjud bo‘ladi. Kinoteatrda film tomosha qilish jarayonida barcha barobar yig‘laydi va kuladi. Jamoaviy reaksiya bag‘oyat go‘zal, shunday emasmi? Raqamli olamda esa his-tuyg‘ular individual his qilinadi. Ammo men tuyg‘ularni birgalikda boshdan kechirish muhim, deb o‘ylayman. Raqamli koinot qonimizga singib bo‘ldi.

Aynan shu sabab ham qaram bo‘lib qoladigandek tuyuladi. Filmlar ham turli. Kinoteatrda ko‘rish istalgan va raqamli platformada tomosha qilish xohlanadigan filmlar boshqa-boshqa. Hozir hammasi tartibsiz ko‘rinishga ega, ammo ajratilsa yanada ravon ko‘rinadi. Shunda mening fikrimcha, tashvishlanishga hojat qolmaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Madaniyat » Kuchli ayol qanday bo‘lishi kerak? Nurgul Yeshilchay karerasi, hayotga qarashlari haqida...