00:30 / 04.02.2022
7 879

Dilnoza Kubayeva: shaxsiy hayoti, «Telba»da yolg‘on ishlatgani, semirgani va Shahzoda bilan munosabati haqida

Dilnoza Kubayeva: shaxsiy hayoti, «Telba»da yolg‘on ishlatgani, semirgani va Shahzoda bilan munosabati haqida
O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi Dilnoza Kubayeva Instagram’da sahifa ochib, muxlislari bilan jonli efirda muloqot o‘tkazdi. Aktrisa ijtimoiy tarmoqda rasmiy sahifa ochishiga uning nomidan akkaunt yuritib, odamlardan pul undirayotgan firibgarlar sabab bo‘lganini aytib o‘tdi. Shuningdek, u muxlislarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham javob berdi. Quyida eng qiziqarli savollar va ularga berilgan javoblarni e’tiboringizga havola etamiz.

— Xonanda Shahzoda bilan munosabatingiz qanday?
— Zilola opam (Shahzoda)ni juda yaxshi ko‘raman. Chiroyli hurmatda, salom-alikdamiz. Munosabatlarimiz juda ham go‘zal. Asosiysi, qalbimizdagi bir-birimizga bo‘lgan hurmat go‘zal. Men hammani hurmat qilishga, tushunishga harakat qilaman. Chunki uning o‘rniga o‘zimni qo‘yib ko‘raman. «Men haqimda kimdir yomon o‘ylasa, yomon gapirsa, qanaqa ahvolga tushardim?», degan savolga javob qidirib ko‘raman.

— Nima uchun ko‘pincha Rixsitilla Abdullayev bilan partnyor bo‘lasiz?
— Rixsitilla akam professional aktyor, did-farosatli ijodkor. Judayam madaniyatli, olijanob. O‘z ishining ustasi. Bir-birimizga doim yordam beramiz. Hech qachon «Sen mana shu so‘zni aytmading-ku, bu yerda mana bunaqa deyishing kerak edi», demaydilar. Tushunib, qo‘llab-quvvatlaydilar. Tadbirlarda, xizmatlarda ham hamisha ayol sheriklarini tushunib, ehtiyot qilib, qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladilar. Rixsitilla akam men uchun akamdan katta akam, ham ustozim. Umrlari uzoq bo‘lsin. Oilaviy o‘rtoqmiz.

Foto: Instagram
— Shaddod Dilnoza Kubayeva qani?
— Endi shaddod rollarni kutmasam ham bo‘ladi, chunki yoshimiz ham, Xudoga shukur, sekin o‘tyapti.

— Kiyinish uslubingizda nimalarga e’tibor berasiz?
— Men uydan chiqib ketayotganimda o‘g‘lim «Nima kiyyapsiz? Qanaqa kiyyapsiz?», deb meni nazorat qiladigan bo‘lgan. O‘zi ochiq-sochiq narsa kiyishdan qochaman, shim kiysam ham, uzun narsalar bilan kiyaman. Lekin o‘g‘lim meni tekshiradi. «Dress nazorat»dan o‘tkazadi.

Aktrisa o‘g‘li bilan
Foto: Instagram

— «Baron» filmi qachon ekranlarga chiqadi?
— «Baron»ni o‘zim ham rosa kutyapman. Bir oy oldin borib, u qadar ko‘p bo‘lmagan epizodlarimga rus va o‘zbek tillarida ovoz berib keldim. Turk aktyori Kaan Urganjio‘g‘liga Alisher Uzoqov ovoz berayotgan ekan. Farhod Mahmudov ham, albatta, rollarini mahorat bilan ijro etganlar. Rustam akam Sa’diyev juda katta tayyorgarlik bilan bu ishlarni olib boryaptilar. Xudo xohlasa, birga ko‘ramiz.

— Juda ham chiroyli bo‘lib ketibsiz, buning siri nimada?
— Oldingi intervyularimda juda ham semirib ketgan paytlarim bor edi. Buning sababi — tushkun kayfiyat, uyga qamalib o‘tirib qolish. Karantin bo‘ldi, sport zallariga bora olmadik. Shuni sabab qilib ayta olaman. Keyin dakki eshitganimdan so‘ng zalga borib, fitnes bilan shug‘ullandim. Murabbiyim Olgaga minnatdorchilik bildiraman. Ko‘p harakat, suv ichish hamda ovqat me’yorini ushlash orqali ancha vazn tashladim.

Foto: Instagram
— Shaxsiy hayotingiz haqida gapiring?
— Shaxsiy hayotimda o‘g‘lim bor, 13 yoshga to‘ladi. Hali turmush qurmadim, har xil yolg‘on ma’lumotlarga ishonmanglar. Avval juda xafa bo‘lardim. Hozir esa deyarli o‘rganib qoldim.

— Ilk o‘ynagan rolingiz?
— Teatrdagi ilk rolim «Andishali kelinchak»dagi Olmaxon obrazi. Kinoda esa «Taqdir charxpalagi» filmida debyut qilganman. Keyinroq «Kelgindi kuyov» va «Kelgindi kelin» filmlarida suratga tushganman.

— Ulug‘bek Qodirov bilan yana bir filmda suratga tushasizmi?
— Ulug‘bek Qodirov Amerika Qo‘shma Shtatlarida ishlayaptilar hozir.

Aktrisaning «Telba» filmidagi obrazi
Foto: Instagram
— «Telba» filmidagi oxirgi sahna qanday suratga olingan?
— «Telba»ning oxirgi sahnasini suratga olishda kichkinagina yolg‘on ishlatganmiz. Lekin bu bilinmagan, o‘ylaganimizdek chiqqan. Filmning ushbu sahnasi haqida gapirishni istamayman. Chunki bu haqda juda ko‘p tanqidiy fikrlarni eshitganman. Ya’ni bu film orqali yoshlarni noto‘g‘ri yo‘lga boshlab qo‘yganmiz, degan fikrdaman o‘zim ham. Shuning uchun bu haqda gapirgim kelmaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Dilnoza Kubayeva: shaxsiy hayoti, «Telba»da yolg‘on ishlatgani, semirgani va Shahzoda bilan munosabati haqida