Prezidentning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaati e’lon qilindi
Bugun, 7 sentabr kuni Samarqandda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o'z ishini boshladi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti konferensiya ishtirokchilariga o'z murojaatini e'lon qildi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari, xonimlar va janoblar!
Siz, azizlarni qadimiy va go‘zal Samarqand shahrida oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyaning ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Mazkur anjumanda dunyoning 32 ta davlatidan 620 nafardan ziyod xorijiy mehmon hamda 30 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotdan vakillar qatnashayotgani unga jahon miqyosidagi katta qiziqish va e’tibordan dalolatdir.
Albatta, ushbu konferensiya uchun aynan Samarqand shahri tanlangani bejiz emas. Qariyb uch ming yillik tarix va madaniyatga ega bo‘lgan bu ko‘hna shahar asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lidagi muhim chorraha bo‘lib kelgan.
Sizlarga yaxshi ma’lumki, oziq-ovqat xavfsizligi, uni barqaror yetkazib berish, ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash masalalari bugun ham o‘ta dolzarb bo‘lib qolmoqda.
So‘nggi o‘n yillarda “yashil inqilob” va innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilishi tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi, tobora ko‘payib borayotgan dunyo aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlashda sezilarli yutuqlarga erishildi.
Afsuski, keyingi paytda koronavirus pandemiyasi, jahon siyosati va iqtisodiyotidagi inqirozlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimida zanjirlarning uzilishi va narxlar oshishiga sabab bo‘ldi.
Bundan ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar jabr ko‘rmoqda. Global iqlim o‘zgarishlari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimiga investitsiya hajmi kamayishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Bu esa Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni xavf ostida qoldirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi BMT Bosh kotibi Antonio Guterresh janoblarining 2021 yilda oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha global sammit o‘tkazish borasidagi tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi. Bugungi anjuman ana shu sammitning mantiqiy davomidir.
Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil, tashqi ta’sirlarga chidamli navlarini yaratish, chorva naslini yaxshilash o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Fermerlar va kichik ishlab chiqaruvchilar uchun axborot-konsalting markazlarini tashkil etish, ularni resurs tejaydigan ilg‘or texnologiya va usullar bo‘yicha o‘qitish uchun agro-konsalting xizmatlari sifatini tubdan yaxshilash ham dolzarb bo‘lib bormoqda.
Zamonaviy texnologiyalar va qishloq xo‘jaligi texnikasi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardagi fermerlar uchun bir xilda ochiq va hamyonbop bo‘lishi kerak. Biz xalqaro moliya institutlarini ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining “yashil texnologiyalar”dan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga chaqiramiz.
Biz eng zarur mahsulotlar savdosi va transportirovkasida to‘liq erkinlik hamda oziq-ovqat yuklari harakatini tartibga soladigan qoidalarni soddalashtirish tarafdorimiz. Savdo yo‘llari xavfsizligi va ochiqligini ta’minlash davlatlararo munosabatlarda o‘zgarmas tamoyil bo‘lib qolishi zarur.
Qadrli do‘stlar!
O‘zbekiston zamini o‘zining qadimiy va boy dehqonchilik an’analari, g‘oyat xilma-xil, mazali va noyob qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan azaldan shuhrat qozonib keladi.
Agrotarmoq iqtisodiyotimizdagi yetakchi sektorlardan biri bo‘lib, mehnatga layoqatli aholimizning 27 foizi ushbu sohada mehnat qiladi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini yanada samarali va resurs tejaydigan sohaga aylantirish, qishloqda aholi hayot darajasini yaxshilash, xalqimizni arzon va barqaror narxlarda xavfsiz va vitaminlarga boy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, sog‘lom ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor berilmoqda.
Bizning yurtimizdan yetishib chiqqan, G‘arbda “Avitsenna” degan nom bilan shuhrat qozongan buyuk alloma Ibn Sino bobomiz o‘rta asrlardayoq “Kimki uzoq va sog‘lom hayot kechirishni istasa, avvalo, ovqatning sifati va miqdoriga e’tibor qaratsin”, deb ta’kidlaganlar.
Albatta, dunyo aholisi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish – uzoq davom etadigan jarayon. Bu maqsadga erishishda barcha davlatlar hukumatlari, ishlab chiqaruvchilar, olimlar va tibbiyot xodimlari yaqin hamkorlikda ish olib borishlari lozim, deb hisoblaymiz.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Sizlar konferensiya davomida ana shunday muhim masalalar haqida atroflicha fikr almashib, global miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladigan yangi tashabbus va amaliy takliflarni ishlab chiqasiz, deb ishonaman.
Mehmondo‘st O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz!
Mamlakatimizga tashrifingiz mazmunli va samarali bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti