
O‘zbekiston turizm sohasida strategik hamkorlik yo‘nalishida yana bir muhim qadam tashladi. Mamlakatimiz Rossiyaning yetakchi turoperatorlaridan biri — Russian Express kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Mazkur hamkorlik O‘zbekistonni jahon sayyohlik xaritasida yanada jozibador manzil sifatida namoyon etishga qaratilgan.
Loyiha doirasida Rossiyaning oltita yirik shahri — Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Novosibirsk, Yekaterinburg va boshqalarda qator seminar va tadbirlar tashkil etiladi. Bu uchrashuvlar ikki mamlakat sayyohlik industriyasi vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish, yangi marshrutlar va xizmatlar yaratish hamda o‘zaro tajriba almashish uchun ajoyib platformaga aylanadi.
Har bir tadbirda 500 dan 1500 nafargacha turizm sohasi mutaxassislari — turoperatorlar, agentlar, blogerlar, jurnalistlar va sohadagi boshqa ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning boy madaniy merosi, gastronomik turizmi va tabiiy go‘zalliklarini yanada keng targ‘ib etish imkonini yaratadi.
Shuningdek, ushbu tashabbus doirasida onlayn va oflayn formatdagi keng qamrovli media kampaniya ham amalga oshiriladi. Unda vebinarlar, ijtimoiy tarmoqlarda maqsadli reklama, bannerlar, matbuot materiallari va boshqa axborot vositalari orqali rossiyaliklar orasida O‘zbekistonga qiziqishni yanada oshirish rejalashtirilgan.
Mazkur qadam turizmni rivojlantirish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va mamlakat iqtisodiyotiga hissa qo‘shishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Shu orqali O‘zbekiston nafaqat sayyohlar uchun, balki turizm sohasi investorlari uchun ham yanada jozibador manzilga aylanishi kutilmoqda.
Zamin.uz tahririyati mazkur hamkorlikning samarali bo‘lishini va mamlakatimiz turizm salohiyatini keng dunyoga namoyon etishda muhim bosqichga aylanishini tilab qoladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar