
O‘zbekistonda taksichilik faoliyatiga oid yangi qoida jamoatchilik orasida keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning tanqidiy munosabati ko‘plab foydalanuvchilarning e’tiborini tortdi.
Taksichilar uchun hududiy cheklov: nimadan boshlandi?
2025 yil 2 apreldan kuchga kirgan Vazirlar Mahkamasining yangi qaroridan so‘ng, taksi haydovchisi endi faqat avtomashina raqami berilgan hududda qonuniy taksichilik qila oladi. Ya’ni, misol uchun 60 raqamli mashina egalari — faqat Andijonda, 95 raqamli haydovchilar esa — Qoraqalpog‘istonda faoliyat yuritishi mumkin. Ilgari esa, litsenziya kartochkasida qaysi hudud ko‘rsatilgan bo‘lsa, shu yerda erkin ishlash mumkin edi.
Qonundan qochib bo‘ladimi? Yashirin iqtisodiyotga yo‘l ochiladimi?
Yuqoridagi cheklovlar sababli endi viloyatdan kelgan haydovchilar Toshkentda qonuniy taksichilik qilish imkonidan mahrum. Bu o‘z navbatida noqonuniy taksichilik, qo‘l ko‘tarib, shaxsiy avtomashinalarda yo‘lovchi tashish hodisalarining ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Bloger ta’kidlaganidek, tez orada shaharda 2 daqiqada keladigan taksi 20 daqiqaga kechikadi, narxlar oshib ketishi ehtimoli kuchayadi.
Yangi qoidalar kimlarga zarar, kimlarga foyda?
Faqat o‘z viloyatida ishlashga majbur bo‘lgan haydovchilarning soni keskin kamayadi. Toshkentda propiskasi bo‘lmaganlar “gen doverennost” bilan yurishga majbur bo‘ladi, mashinasini tanish nomiga rasmiylashtirish xavfi tug‘iladi. Bu esa yangi mulkiy nizolar, huquqiy tortishuvlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Konstitutsiya va propiska rejimi – ortga qaytishmi?
Eng katta tanqid — bu qarorning Konstitutsiyada belgilangan erkin harakat va faoliyat huquqlariga zidligida. Avval butun mamlakat bo‘ylab propiska cheklovlari bekor qilinishi Yangi O‘zbekiston uchun katta yutuq sifatida e’tirof etilgan edi. Endi esa, taksichilar misolida “propiska rejimi” yana qaytgani jamiyatda jiddiy norozilik uyg‘otmoqda.
Keyingi navbat kimga?
Muallif, bu qoida taksichilardan boshlanganini, ertaga boshqa kasb egalarini ham cheklash ehtimoli borligini qayd etadi. “Balki, yaqin kelajakda sartaroshlar, novvoylar yoki boshqa hunarmandlar ham faqat o‘z viloyatida ishlasin, deyishadi?” — deb, jamoatchilikni ogohlantiradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar