O‘zbekistonda binolar va inshootlarda o‘rnatilgan barcha liftlar endilikda har yili texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi majburiy bo‘ladi. Ushbu talab fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va liftlarning texnik holatini muntazam nazorat qilish maqsadida joriy etildi. Hukumatning yangi qarorlariga binoan, doimiy foydalanishda bo‘lgan liftlar 12 oydan oshmagan muddatda, ya’ni yiliga kamida bir marta, maxsus tashkilotlar tomonidan batafsil tekshiruvdan o‘tadi.
Yangi o‘rnatilgan va foydalanishga topshirilgan har qanday lift pudratchining arizasiga ko‘ra, 10 ish kunidan kechiktirmay mutaxassislar tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi va uning holati bo‘yicha xulosa beriladi.
Tekshiruv natijalariga qarab, har bir liftga to‘rt xil rangdagi maxsus yorliqlar yopishtiriladi:
. Yashil yorliq — liftning foydalanishga to‘liq yaroqli ekanini bildiradi.
. Moviy yorliq — liftda ayrim nosozliklar borligini ko‘rsatadi.
. Qizil yorliq — lift xavfli holatda ekanini va foydalanish taqiqlanganini anglatadi.
. Sariq yorliq — liftda nosozlik borligi haqida ogohlantiradi.
Tegishli xizmatlar nazoratni yanada kuchaytiradi, ayniqsa, qizil yorliqli liftlar aniqlansa, ulardan foydalanish qat’iyan man etiladi. Mutaxassislar liftlardan foydalanadigan fuqarolarga xavfsizlik qoidalariga rioya qilish va barcha ogohlantiruvchi belgilarni e’tiborga olishni tavsiya qiladi.
Bunday choralar ko‘rishning asosiy maqsadi — odamlar hayoti va salomatligini muhofaza qilish, shahar infratuzilmasini zamonaviy standartlarga muvofiq rivojlantirishdir. Yangi tizim doirasida binolar va inshootlar egalari har yili liftlarining texnik holatini nazorat qilib borishlari shart bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!