O‘zbekistonda tungi osoyishtalikni buzgan fuqarolar va mansabdorlar endilikda sezilarli miqdorda jarima to‘lashlari mumkin. Qonunchilik palatasi “Tungi tinchlikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi” degan mazmunda qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Hujjatga ko‘ra, yaqin orada respublika hududida dam olish va ish kunlari uchun alohida tartibda “tinchlik soatlari” joriy etilishi kutilmoqda. Unga asosan dam olish kunlari, ya’ni shanba va yakshanba kunlari tungi osoyishtalik 22:00 dan 09:00 gacha, ish kunlarida esa 23:00 dan 06:00 gacha davom etadi.
Bu vaqt oralig‘ida baland ovozda musiqa tinglash, uy yoki bino ta’mirlash, shuningdek, boshqa shovqinli ishlar bilan shug‘ullanish taqiqlanadi. Qonun kuchga kirgach, ushbu qoidalarga amal qilmaganlar moliyaviy javobgarlikka tortiladi.
Loyihada belgilanishicha, fuqarolarga 5 baravar bazaviy hisoblash miqdoriga (hozirgi hisobda taxminan 2 million so‘m) jarima qo‘llaniladi. Mansabdor shaxslar uchun esa bu miqdor 15 BHMga, ya’ni 6 million so‘mdan oshadi.
Amaldagi qonunga muvofiq, hozirda tungi tinchlikni buzganlik uchun faqat 113 ming so‘m miqdorida jarima belgilangan. Yangi qonun kuchga kirsa, bu raqam qariyb 18 barobarga ortadi.
Mutaxassislarning fikricha, bu o‘zgarishlar fuqarolarning shaxsiy hayotiga hurmat bilan yondashish, dam olish huquqlarini himoya qilish va jamoat tartibini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qonun hozirda keyingi o‘qishlar jarayonida ko‘rib chiqilmoqda. U qabul qilinsa, O‘zbekistonda tinchlikni buzish endi faqat axloqiy emas, balki jiddiy huquqbuzarlik sifatida baholanadi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!