date

O‘zbeklar 64 mlrd so‘mlik quyosh energiyasini sotdi

O‘zbeklar 64 mlrd so‘mlik quyosh energiyasini sotdi

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, quyosh panellari orqali elektr ishlab chiqarish nafaqat atrof-muhitga foydali, balki iqtisodiy jihatdan ham aholi uchun daromad manbaiga aylanmoqda.

Energetika vazirligining rasmiy xabariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–iyun oylarida 28 538 nafar jismoniy shaxs davlat elektr tarmog‘iga jami 63 milliard 498 million so‘mlik quyosh energiyasini yetkazib bergan. Ushbu to‘lovlar “Quyoshli xonadon” dasturi asosida subsidiya tariqasida amalga oshirilgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p subsidiya Xorazm viloyatida (19,1 mlrd so‘m), undan keyin Qoraqalpog‘iston (9,7 mlrd so‘m) va Toshkent shahrida (4,9 mlrd so‘m) kuzatilgan. Qolgan viloyatlarda bu ko‘rsatkich nisbatan pastroq.

Aholi “Soliq” mobil ilovasining “Keshbek va imtiyozlar” xizmatidagi “Quyoshli xonadon” bo‘limidan foydalanib, mablag‘ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartasiga o‘tkazib olishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, 2023-yil 1-apreldan boshlab, uy sharoitida o‘rnatilgan quyosh panellari orqali davlat tarmog‘iga uzatilgan har 1 kVt/soat energiya uchun 1 000 so‘m subsidiya to‘lab berilishi belgilangan. Bu chora-tadbirlar aholining “yashil” energiyadan keng foydalanishini rag‘batlantirishga qaratilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbeklar 64 mlrd so‘mlik quyosh energiyasini sotdi