date

Toshkentda noqonuniy qurilish qo‘shni uylarda tuproq siljishiga olib keldi

Toshkentda noqonuniy qurilish qo‘shni uylarda tuproq siljishiga olib keldi

Yakkasaroy tumani, Salar ko‘chasidagi voqea mahallada jiddiy tashvish uyg‘otdi. Bu yerda noqonuniy tarzda boshlangan ko‘p qavatli uy qurilishi natijasida qo‘shni binolarning hovlisiga ta’sir ko‘rsatdi va yerda tuproq o‘pirilishi kuzatildi. Joy aholisi ushbu holatdan qo‘rqib, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan.

Voqea Dilbuloq mahallasidagi ko‘p qavatli uylar hududida sodir bo‘ldi. Qurilish inspeksiyasi ma’lum qilishicha, ushbu obyektning asosiy qismi “Lyuks Loyiha” MCHJ tomonidan tayyorlangan loyiha hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha uchun “Arxitektura va shaharsozlik kengashi” ishchi organi hamda “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKdan ijobiy xulosalar olingan.

Qurilishning A bloki Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan va shu kunga qadar inspeksiya tomonidan 10 marta monitoring o‘tkazilgan hamda 11 ta yozma ko‘rsatma berilgan. Bundan tashqari, qurilish normalariga rioya qilinmagani uchun buyurtmachi ikki marotaba ma’muriy javobgarlikka tortilib ulgurdi.

Biroq G4 blok bilan bog‘liq holat boshqacha kechdi. Ushbu blok “Arxitektura va shaharsozlik kengashi”dan ijobiy xulosa olgan bo‘lsa-da, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKdan hujjat olinmagan. Shu bois, G4 blok rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan va qurilish ishlari noqonuniy boshlangani aniqlandi. Holat bo‘yicha inspeksiya huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli ma’lumot berdi.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, buyurtmachi “O‘zkommaishiysavdo” MCHJ tomonidan G4 blok uchun kotlovan qazish ishlarini olib borgan vaqtda hududdagi elektr transformatorida nosozlik yuzaga kelgan. Bu esa kotlovandagi suvlarni chiqarish imkonini chekladi va suv darajasi ko‘tarildi. Natijada qo‘shni “Grand Capital” MCHJ tomonidan ilgari qurilgan yerosti avtomashina turarjoyining qayta ko‘milgan joylarida tuproq siljishi kuzatildi, bu esa yerda sirpanish va xavfli holatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

Hozirgi paytda qurilish inspeksiyasi va tegishli organlar vaziyatni diqqat bilan nazorat qilishmoqda. Mahalla aholisi esa bu voqea orqali shahardagi qurilish nazorati, qurilish normalari va qo‘shnilar xavfsizligi masalalarida yanada ogoh bo‘lishlari kerakligini ta’kidlamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Toshkentda noqonuniy qurilish qo‘shni uylarda tuproq siljishiga olib keldi