O‘zbekistonda tadbirkorlik salohiyati izchil rivojlanib bormoqda. Buni 2025 yilning yanvar–iyul oylarida tashkil etilgan kichik biznes subyektlari soni ham yaqqol ko‘rsatadi, deb Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu haftalik hisobot davrida mamlakatimizda fermer va dehqon xo‘jaliklarisiz hisoblaganda, jami 47 796 ta yangi kichik tadbirkorlik subyekti ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu ko‘rsatkich kichik biznesga bo‘lgan qiziqish tobora ortayotganini ko‘rsatadi.
Yangi tashkil etilgan bizneslarning eng katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Mazkur yo‘nalishda 17 587 ta tadbirkorlik subyekti tashkil qilingan. Bu esa umumiy soning qariyb 37 foizini tashkil etadi. Bu holat, savdo sohasi tadbirkorlar uchun hamon eng mashhur va daromadli yo‘nalishlardan biri ekanini ko‘rsatadi.
Sanoat sohasida 6 189 ta va qishloq, o‘rmon hamda baliqchilik xo‘jaligida 6 183 ta biznes tashkil etilgan. Bu ikki yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlar deyarli teng. Bu esa, qishloq xo‘jaligining mamlakat iqtisodiyotidagi muhim o‘rnini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida 4 234 ta, qurilishda 2 680 ta, axborot va aloqa sohasida 1 763 ta, tashish va saqlashda 1 512 ta, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda esa 989 ta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilgan. Qolgan 6 659 ta biznes turli boshqa sohalarga to‘g‘ri keladi.
Tahlillarga ko‘ra, tadbirkorlar ko‘proq bozor ehtiyojlariga tez javob bera oladigan, iste’mol tovarlari bilan bog‘liq sohalarni afzal ko‘rmoqda. Bu tendensiya kelgusi oylarda ham davom etishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!