Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan «Janubiy Surxon suv ombori» atrofida ulkan va zamonaviy ekoturizm majmuasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyiha umumiy maydoni 15,7 gektarni tashkil etib, umumiy qiymati 140 milliard so‘mga teng ekani qayd etilmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur loyiha ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy muhitni muhofaza qilish va hududdagi bioxilmaxillikni saqlashga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, yashil maydonlarni ko‘paytirish, qulay piyoda va velosiped yo‘laklarini tashkil etish, zamonaviy infratuzilma obyektlarini qurish, atrof-muhitga zarar yetkazmaslikni ta’minlaydigan oqova suvlarni tozalash tizimini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.
Loyiha nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlar uchun ham jozibali ekoturizm maskaniga aylanishi kutilyapti. Hududda yashil hududlar, dam olish va sayr qilish maydonchalari, bolalar va oilalar uchun mo‘ljallangan ekoturizmga xos xizmatlar joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Bu, o‘z navbatida, mahalliy aholi uchun ish o‘rinlarini yaratish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish hamda iqtisodiy o‘sishga turtki berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyat hokimi mas’ul tashkilotlar va mutaxassislar bilan birga hududni ko‘zdan kechirib, loyihaning amaliy jihatlari, logistika yechimlari va ekologik standartlarga muvofiqligi yuzasidan batafsil tanishdi. U loyihaning har bir bosqichi yuksak mas’uliyat bilan tashkil etilishi kerakligini ta’kidlab, qurilish ishlarini aniq tartib va muddatlar asosida bosqichma-bosqich amalga oshirish vazifasini topshirdi.
Janubiy Surxon suv ombori atrofidagi ekoturizm kompleksi nafaqat hududning tabiiy salohiyatini ochish, balki mamlakatimiz turizm xaritasida yangi istiqbolli nuqta sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Loyiha ekoturizmni rivojlantirish, atrof-muhitni saqlash va jamoatchilik ongini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!